Tojikistondagi dahshatli avariyada o‘zbekistonlik aka-uka halok bo‘ldi
Olam
−
30 iyun 2025 18622 2 daqiqa
Joriy yilning 28 iyun kuni Tojikistondagi dahshatli yo‘l-transport hodisasi oqibatida 7 kishi halok bo‘ldi, yana uch kishi tan jarohati oldi. Halok bo‘lganlar orasida o‘zbekistonlik aka-uka ham bor. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida Tojikistonning Istiqbol shahridan besh nafar fuqaro bo‘lib, ular bir oilaning a’zolari bo‘lgan, shuningdek, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ikki aka-uka ham bor. So‘g‘d viloyati IIV boshqarmasining aniqlik kiritishicha, qurbonlar orasida voyaga yetmaganlar ham mavjud.
Qayd etilishicha, avtohalokat Dushanbe – Xo‘jand – Chanoq avtomobil yo‘lining Dadaboy Holmatov qishloq jamotida sodir bo‘lgan. O‘zbekiston fuqarosi boshqaruvidagi Volkswagen avtomobili Maschoh tumanida yashovchi shaxs boshqargan Toyota avtomobili bilan to‘qnashgan. Shundan so‘ng Volkswagen yo‘ldan chiqib ketib, xo‘jandlik fuqaro boshqargan Mercedes avtomobili bilan ikkinchi to‘qnashuvni sodir etgan.
Fojia oqibatida 7 yo‘lovchi, jumladan, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan aka-uka hodisa joyida halok bo‘lgan, yana uch kishi tan jarohati olgan. Jarohatlanganlar orasida Volkswagen haydovchisi, yana bir O‘zbekiston fuqarosi, hamda Maschoh tumanidan bo‘lgan ikki nafar yo‘lovchi bo‘lib, (ulardan biri voyaga yetmagan) shifoxonaga yotqizilgan. Ularning sog‘lig‘ining holati hozircha noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida O‘zbekiston fuqarosi yo‘l-transport hodisasiga uchrab komaga tushib qolgandi. Jabrlanuvchi Milliy shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Live
Barchasi