Tramp ba’zi OAVlarning litsenziyalarini bekor qilishni talab qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakatdagi ABC va NBC telekanallarini keskin tanqid qilib, ularni “soxta yangiliklar tarqatuvchi, tarixdagi eng yomon va eng tarafkash kanallar” deb atadi. Bu haqda u o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi. 

U ijtimoiy tarmoqdagi chiqishida ushbu telekanallar uning prezidentligi haqida asosan salbiy materiallar e’lon qilishi, xususan 97 foiz xabarlarida uni yomon ko‘rsatishini ta’kidlagan. Trampning fikricha, ular amalda “Demokratik partiyaning bo‘limi sifatida” faoliyat yuritmoqda.

Shu bois, u AQSH Federal aloqa komissiyasidan (FCC) ushbu telekanallar litsenziyasini bekor qilishni talab qilgan. Tramp ularning faoliyatini “demokratiyaga xavf” deb baholagan.

Shuningdek, Tramp bu telekanallar litsenziya to‘lovlarini to‘lamayotgani, aslida ular millionlab dollar to‘lashi kerakligini aytgan. 

“Agar respublikachilarni hamda konservatorlarni adolatsiz yoritishda davom etsa, ular litsenziyalaridan mahrum bo‘lishi lozim”, degan Oq uy rahbari. 

Trampning OAV bilan mojarolari bundan avval ham ko‘p bo‘lgan. 2024 yilda u ABC News va jurnalist Jorj Stefanopulosga qarshi sudga murojaat qilgan. Sud jarayonidan so‘ng ABC News va Stefanopulos 15 million dollar to‘lab, kelishuvga erishgan.

O‘sha yilning noyabrida Tramp CBS telekanaliga 10 milliard dollarlik da’vo qo‘zg‘atgan. U CBS’ni “xabarlar bilan manipulyatsiya qilganlikda” ayblagan.
2025 yilning aprelida Tramp CBS’ni yana tanqid qilib, Ukraina va Grenlandiya haqida ko‘rsatilgan dasturlaridan so‘ng uning ham litsenziyasi bekor qilinishi kerakligini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp yettita federal agentlikdagi xodimlarni keng ko‘lamli qisqartirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Ular orasida “Ozodlik radiosi” faoliyatini nazorat qiluvchi AQSH Global media agentligi (USAGM) va “Amerika ovozi” ham bor edi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp USAGM ABC NBC

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing