Tramp Chikagoga askarlarni jo‘natdi
Olam
−
06 Oktabr 5669 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Illinoys shtatidagi Chikago shahriga 300 nafar Milliy gvardiya askarlarini yuborishga ruxsat berdi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning o‘rinbosari Ebigeyl Jekson ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Milliy gvardiya kuchlari Chikagoga federal xodimlarni va davlat mulkini himoya qilish uchun yuborilmoqda.
“Prezident Tramp Amerika shaharlarini vayron qilayotgan voqealarga ko‘z yuma olmaydi”, degan Jekson.
Tramp bu qarorni bir necha hafta davomida bunday choralar ko‘rish bilan tahdid qilganidan keyin va mahalliy siyosatchilarning noroziligiga qaramasdan qabul qilgan.
Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem ijtimoiy tarmoqda Chikagoda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga hujum qilinganini, ularni o‘nta avtomobil to‘sib qo‘ygani, hatto ulardan birida qurollangan shaxs bo‘lgani haqida yozgan. Uning aytishicha, vaziyatni nazoratga olish uchun qo‘shimcha maxsus kuchlar yuborilgan.
4 oktyabr kuni “Reuters” nashrining yozishicha, Chikagoning janubi-g‘arbida yuzlab namoyishchilar AQSH Bojxona va chegara xizmati xodimlari bilan to‘qnashgan. Shundan so‘ng xodimlar qurollangan ayolga qarata o‘q uzgan. Ayol AQSH fuqarosi bo‘lib, shaxsi hozircha oshkor qilinmagan, u o‘z oyoqlari bilan shifoxonaga borgan. Uning ahvoli haqida hozircha ma’lumot yo‘q. To‘qnashuv chog‘ida federal agentlar ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlar qo‘llagan. Huquq-tartibot idoralari xodimlaridan jiddiy jarohat olganlar yo‘q.
Donald Trampning Oq uyga qaytganidan keyin AQSHda migratsiya siyosati keskin kuchaytirildi. Iyun oyida San-Fransiskoda o‘tkazilgan reydlar ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan va tartibsizliklarga aylanib ketgan. Shundan so‘ng, Tramp Kaliforniyaga yuzlab Milliy gvardiya xodimlari va dengiz piyoda askarlarini yuborgan, bu esa shtat rasmiylarining e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati xodimlari Chikago markazida bir necha kishini hibsga olgandi.
Live
Barchasi