Tramp Grenlandiyani AQSH tarkibiga qo‘shib olishga jiddiy kirishdi
Olam
−
16:10 2188 2 daqiqa
Kecha, 22 dekabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Grenlandiya Qo‘shma Shtatlar milliy xavfsizligi uchun muhim ekanini yana bir bor ta’kidladi. Uning aytishicha, ushbu orol AQSH uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, Grenlandiya bo‘yicha tayinlangan maxsus elchi bu yo‘nalishdagi tashabbuslarga rahbarlik qiladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tramp 21 dekabr kuni Luiziana shtati gubernatori Jeff Landrini Grenlandiya masalalari bo‘yicha maxsus elchi etib tayinlagan. Ushbu qaror Daniya va Grenlandiya tomonidan Vashingtonning minerallarga boy orolga bo‘lgan qiziqishi yuzasidan tanqidlar kuchayishiga sabab bo‘ldi.
AQSH Prezidenti Daniyaning o‘zini o‘zi boshqaradigan hududi hisoblangan Grenlandiyaning strategik joylashuvi va tabiiy resurslarini tilga olib, uni Qo‘shma Shtatlar tarkibiga qo‘shish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. 2024 yil yanvarida gubernatorlik lavozimiga kirishgan Jeff Landri ham bu tashabbusni ochiq qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
“Bizga Grenlandiya minerallar uchun emas, milliy xavfsizlik uchun kerak. Agar Grenlandiyaga qarasangiz, uning qirg‘oqlari bo‘ylab Rossiya va Xitoy kemalarini ko‘rasiz. Bu – milliy xavfsizlik masalasi. Biz bunga ega bo‘lishimiz kerak”, dedi Tramp Florida shtatining Palm-Bich shahrida jurnalistlar bilan suhbatda.
Shu bilan birga, Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen va Grenlandiya Bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen avvalroq qo‘shma bayonot berib, Grenlandiya grenlandiyaliklarga tegishli ekanini ta’kidlashgan.
“Biror davlatni anneksiya qilib bo‘lmaydi, hatto xalqaro xavfsizlik bahonasi bilan ham. Grenlandiya grenlandiyaliklarga tegishli va AQSH uni egallab olmaydi”, deyiladi bayonotda.
Jeff Landri X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Trampga minnatdorlik bildirib, Grenlandiyani AQSHning bir qismiga aylantirish yo‘lida xizmat qilishni sharaf deb bilishini yozdi. U bu lavozim Luiziana gubernatori sifatidagi faoliyatiga ta’sir qilmasligini ham ta’kidlagan.
Shu fonda Tramp ma’muriyati Daniyaga nisbatan bosimni kuchaytirib, AQSHning sharqiy qirg‘og‘ida qurilishi rejalashtirilgan beshta yirik dengiz shamol energetikasi loyihasi bo‘yicha ijara shartnomalarini to‘xtatdi. Ular orasida Daniyaning davlat nazoratidagi Orsted kompaniyasi amalga oshirayotgan ikki loyiha ham bor.
Ma’lumot o‘rnida, taxminan 57 ming aholiga ega Grenlandiya Daniyaning sobiq mustamlakasi bo‘lib, 2009 yildagi kelishuvga ko‘ra mustaqillik e’lon qilish huquqiga ega. Shunga qaramay, hudud hanuz baliqchilik va Daniya tomonidan ajratiladigan subsidiyalarga kuchli darajada bog‘liq.
Grenlandiyaning Yevropa va Shimoliy Amerika o‘rtasidagi strategik joylashuvi uni AQSHning ballistik raketalarga qarshi mudofaa tizimi uchun muhim hududga aylantiradi. Shuningdek, oroldagi boy mineral resurslar AQSHning Xitoydan import qilinadigan xomashyo va resurslarga bo‘lgan qaramligini kamaytirish istagini kuchaytirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Daniya Grenlandiya masalasida AQSH bilan bog‘langani haqida xabar berilgandi.