Tramp “grin karta” dasturini to‘xtatdi
Olam
−
19 dekabr 4386 1 daqiqa
Braun universiteti va MIT'da sodir etilgan otishmalar fonida AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 18 dekabr kuni “grin karta” lotereya dasturini to‘xtatdi. Bu haqda AQSH Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
Tramp topshirig‘iga binoan, AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS) mazkur dasturni vaqtincha to‘xtatgan. Qaror Braun universitetida otishma sodir etganlikda gumonlangan shaxs ushbu dastur orqali mamlakatga kelgani sababli qabul qilingan.
“Bu dahshatli jinoyatni sodir etgan shaxs umuman mamlakatimizga kiritilmasligi kerak edi”, deydi u.
Ma’lumot uchun, Diversity Visa (grin karta lotereyasi) dasturi har yili AQSHda kam vakillikka ega bo‘lgan davlatlar fuqarolari uchun lotereya orqali 50 mingtagacha grin karta ajratadi. Bu davlatlarning aksariyati Afrika qit’asida joylashgan.
2025 yilgi lotereyada qariyb 20 million kishi ariza topshirgan. G‘oliblar va ularning turmush o‘rtoqlarini qo‘shib hisoblaganda, 131 mingdan ortiq kishi tanlab olingan, biroq g‘oliblar AQSHga kirishdan avval maxsus tekshiruvlardan o‘tishi shart. Masalan, Portugaliya fuqarolari ushbu lotereyada atigi 38 ta o‘rinni qo‘lga kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHda o‘zbekistonlik talabani o‘ldirishda gumonlangan shaxs o‘lik holda topilgandi.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr