Tramp Obamani maymunga qiyosladi (video)
Olam
−
08:27 3265 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida sobiq prezident Barak Obama va uning rafiqasi Mishel Obamani maymun qiyofasida tasvirlangan videorolikni e’lon qildi.
Obamalar aks etgan lavha qisqa videoning oxirida paydo bo‘ladi. Ushbu videoda 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida ovozlarni hisoblash mashinalari qalbakilashtirishga yordam bergani haqida da’vo qilinadi (o‘sha saylovda Jo Bayden g‘alaba qozongan). Saylovlar haqidagi video bir necha soniyaga yuqoriga surilib ketadi va shundan so‘ng Barak va Mishel Obamalar tasviri paydo bo‘ladi, keyin esa saylovlarga oid video yana davom etadi. Sobiq prezident va birinchi xonimning yuzlari paydo bo‘lgan paytda “Qirol sher” multfilmida yangragan qo‘shiq yangraydi.
Oq uy mazkur video yuzasidan bildirilgan irqchilik haqidagi ayblovlarni rad etgan. CNN telekanaliga Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levittning aytishicha, bu “internet-memdan olingan parcha bo‘lib, unda prezident Tramp jungli podshosi qiyofasida, demokratlar esa “Qirol sher” multfilmi qahramonlari obrazida tasvirlangan”. U bildirilgan e’tirozlarni “soxta” deb atadi.
CNN’ga ma’lum qilishlaricha, rasmiy shaxslar orasidagi manbalardan biri ushbu videorolik ma’muriyat xodimlaridan biri tomonidan tasodifan joylashtirilgani, yozuv esa allaqachon o‘chirib tashlanganini aytgan.
Telekanalning yana bir manbasi bir nechta respublikachi kongressmenlar Tramp bilan bog‘lanib, ushbu postni muhokama qilganini ma’lum qilgan.
O‘tgan hafta Tramp Barak Obamani hibsga olishga chaqirib, uni Rossiya bilan hamkorlik bo‘yicha ayblovlarni uydirishda ayblagan edi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Milliy razvedkasi rahbari Tulsi Gabbard “yuzlab shov-shuvli hujjatlar”ni e’lon qilgan bo‘lib, ular sobiq Amerika yetakchisi shaxsan Markaziy razvedka boshqarmasiga yolg‘on ayblovlar to‘qib chiqarish haqida buyruq berganini isbotlaydi. Oq uy rahbari buni Obama va “uning tarafdorlari” tomonidan amalga oshirilgan “davlat to‘ntarishiga urinish” deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Barak Obamaning Vashingtondagi uyi yaqinida AQSH Maxfiy xizmatining ikki nafar ayol agenti janjallashgandi. Voqea aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan so‘ng xodimlar vaqtincha ishdan chetlatilgan.