Trampni o‘ldirmoqchi bo‘lgan shaxs umrbodga qamaldi
Olam
−
08:40 1771 2 daqiqa
AQSH sudi Prezident Donald Trampga suiqasd qilishga urinish ishi bo‘yicha aybdor deb topilgan Rayan Rautni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
59 yoshli Raut 2025 yilning sentyabr oyida besh band bo‘yicha aybdor deb topilgan. Ayblovlar orasida qotillikka suiqasd qilishga urinish, o‘qotar qurolni noqonuniy saqlash hamda qo‘lga olish vaqtida federal ofitser faoliyatiga to‘sqinlik qilish bor. Sud jarayonida Raut o‘zini o‘zi himoya qilgan.
15 sentyabr kuni Maxfiy xizmat agentlari Tramp joylashgan golf-klub hududidagi panjara yaqinida, butalar orasida yashiringan va qo‘lida miltiq bo‘lgan erkakni payqagan. Raut birorta ham o‘q uzmasdan voqea joyidan qochib ketgan. Bir oz vaqt o‘tgach, u kuzatuv kameralari orqali aniqlanib, qo‘lga olingan. Mazkur hodisani respublikachi nomzodga suiqasd qilishga urinish sifatida baholangan.
Raut suddan o‘ziga 27 yil qamoq jazosi tayinlashni so‘ragan. Biroq, ayblov tomoni umrbod qamoq jazosini talab qilgan. Sud hujjatlarida prokurorlar Rautning jinoyatlari “shubhasiz umrbod qamoq jazosiga loyiq”, deb ko‘rsatgan. Ularning ta’kidlashicha, Raut qotillikni bir necha oy davomida rejalashtirgan, yo‘lida kim uchrasa ham o‘ldirishga tayyor bo‘lgan va hech qanday pushaymonlik yoki afsus bildirmagan.
Rautning o‘zi esa Trampni o‘ldirish niyati bo‘lmaganini aytgan va shaxsiyat buzilishi bilan bog‘liq muammolar sababli qamoqda psixologik davolanishdan o‘tishga tayyor ekanini bildirgan. Shuningdek, u sudda yetarli darajada huquqiy himoya ta’minlay olmagani sababli sudyalar ish materiallari bo‘yicha noto‘g‘ri xulosaga kelgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
Trampga suiqasd qilishga urinishlar saylovoldi kampaniyasi davomida bir martalik hodisa bo‘lmagan. Xususan, 13 iyul kuni Pensilvaniya shtatida bo‘lib o‘tgan miting chog‘ida 20 yoshli Tomas Metyu Kruks qo‘shni binoning tomida yashirinib, Trampga miltiqdan o‘q uzgan. U Maxfiy xizmat xodimlari tomonidan otib tashlangan. Trampni o‘limdan qutqarib qolgan holat shundan iborat ediki, o‘q uzilgan paytda u AQSHdagi noqonuniy migratsiya haqidagi ma’lumotlar aks etgan ekranga qarash uchun o‘ng tomonga burilgan va o‘q faqat siyosatchining o‘ng qulog‘ini yengil jarohatlagan.
Live
Barchasi