Tramp Putinga “ultimatum” qo‘ydi

Tahlil

AQSH Prezidenti Donald Tramp ikki kun davomida Rossiya va Vladimir Putin manziliga ilgari kuzatilmagan ruhdagi jiddiy signallar yubordi. Bosqinni to‘xtatish uchun berilgan 50 kunlik muhlat va Ukrainani qurol bilan taminlash haqidagi bayonotlardan keyin Tramp va Putin o‘rtasidagi yumshoq aloqalarning kelajagi so‘roq ostida qoldi. AQSH Prezidenti har safar Putin bilan telefonda gaplashgandan so‘ng, bu suhbat ajoyib o‘tganini takidlashidan ko‘p o‘tmay Rossiya har safar Ukrainani o‘qqa tutganini aytdi. Ammo Tramp shunday bo‘lishiga qaramay, Putin uni shuncha payt aldab kelganini tan olmadi. U Rossiya yetakchisi Bush va Obamani aldagani, biroq uni laqillatolmasligini davo qilmoqda. 50 kunlik qatiy belgilangan muddatda Rossiya bosqinni to‘xtatmasa, u va uning hamkorlariga nisbatan 100 foizlik boj tahdidi va Ukrainani jang maydonida qo‘llab-quvvatlash. Bu ayni damda Rossiya, Ukraina va AQSH uchburchagidagi o‘yin qoidalarini tubdan o‘zgartirib yubordi. Shunga qaramay, 50 kun juda uzoq muddat ekani rasmiy doiralarda tanqidga uchradi. Tramp esa nima bo‘lishidan qatiy nazar Moskva bilan jiddiy ziddiyatga borishdan tiyilmoqda.

Putindan yuz o‘girishdagi qadam

Dastlab, 13 iyul kuni Donald Tramp Merilend shtatidagi Endryus qo‘shma bazasida  Qo‘shma Shtatlar Patriot havo mudofaa tizimlarini Ukrainaga topshirishini ma’lum qildi. Tramp shu kuni Ukraina mazkur mudofaa qurolidan qancha miqdorda olishiga aniqlik kiritmagandi. Tramp bu qurollar Ukrainaga tekinga berilmasligini ham qo‘shimcha qilishni unutmadi. Unga ko‘ra, xarajatlarni yevropalik hamkorlar qoplaydi, AQSH uchun esa bu shunchaki biznes bo‘ladi. Trampning bu e’lonidan bir kun o‘tib, 14 iyul sanasi voqeliklarga boy bo‘ldi. AQSH Prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg Kiyevga yetib bordi. Muzokaralarda bir nechta mavzular, jumladan, qurol-yarog‘ yetkazib berish va ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilingani aytildi. Shuningdek, Andrey Yermak ushbu suhbat uchun juda ko‘p mavzular borligini aytib, AQSH bilan munosabatlardagi keskin burilishlarga shama qilgandek bo‘ldi.

Shu kuni Oq uyda so‘nggi kunlarda juda ko‘pchilik tomonidan kutilayotgan bayonotlar yangradi. Donald Tramp Oq uyda NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda agar yaqin 50 kun ichida Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, AQSH Rossiyaning savdo hamkorlariga 100 foizlik ikkilamchi bojlar joriy etishini ma’lum qildi. Tramp ushbu uchrashuvdagi suhbatda 6-7 oydan buyon ichida yig‘ilib qolgan dardlarini to‘kib sochdi. U “Putindan hafsalasi pir bo‘lgani”, aslida bir necha oy oldin kelishuvga erishishga umid qilganini aytdi. Shuningdek Tramp juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan yana bir misolni aytib o‘tdi. Unga ko‘ra, u Putin bilan gaplashgandan so‘ng, uyga kelib, xotini Melanyaga “bilasanmi, men Vladimir bilan gaplashdim. Bu ajoyib suhbat bo‘ldi”, deydi, Melanya esa bunga javoban, “jiddiy aytyapsanmi? Axir ular Ukrainada yana shaharni o‘qqa tutishdi”, deydi.

“Men har safar uyga borib, ayolimga Vladimidir bilan gaplashganim va bu suhbat juda ajoyib o‘tganini aytaman. U esa jiddiy aytyapsanmi, Ukrainada shaharlar yana o‘qqa tutildiku, deydi”, deb hasrat qildi Tramp.

Bundan tashqari, Tramp Ukrainaga yetkazib beriladigan Patriot havo mudofaa tizimlarinining taxminiy sonini ham ochiqladi. Unga ko‘ra, hozirda bir mamlakatda 17 dona Patriot bor va bu tizim ayni damda ularga kerak emas. Ular Ukrainaga o‘tkaziladi. Shuningdek, Patriot haqidagi bitimida ushbu tizimlarga ega bo‘lgan yana bir qancha davlatlar ham ishtirok etadi. Prezidentning qayd etishicha, bu ish AQSHning NATOdagi doimiy vakili Mettyu Uitaker tomonidan muvofiqlashtiriladi. Shunday qilib, Tramp milliardlab dollarlik harbiy qurollar NATO tomonidan tezda to‘lanishi va Ukrainadagi jang maydoniga yuborilishini tasdiqladi. Oy uy rahbari AQSH va Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qurol yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilgani, xarajatlar esa Yevropa tomonidan qoplanishini aytib o‘z elektoratini xotirjam qilishga harakat qildi.

Ryuttening manipulyatsiyasi

Donald Trampning keskin bayonotlari NATO Bosh kotibi Mark Ryuttening oldida aytildi. Bu esa alyans rahbariga uni qo‘ldan kelgancha manipulyatsiya qilish va Putinga qarshi ritorikasini yanada qattiqlashtirish uchun yaxshi imkoniyat edi. Ryutte esa iloji boricha bundan foydalanishga urindi. NATO Bosh kotibi Istanbuldagi muzokaralar haqida so‘z ochib, Rossiya bu formatga nisbatan juda bee’tibor yondashganini takidladi. Mark Ryutte ruslar muzokaralarga diplomat emas, balki qandaydir tarixchini yuborganini aytib, o‘sha muzokaralarda Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Medinskiyni “tarix o‘qituvchisi” deb atadi.

“Putin muzokaralarga jiddiy odamlarni yubormadi. Men ukrainaliklarga Istanbulga jiddiy delegatsiya yuborish uchun qanday qilib birgalikda bosim o‘tkazganimizni eslayman. Va ular buni qilishdi. Ammo ruslar 1250 yildan boshlab Rossiya Federatsiyasi tarixini tushuntira boshlagan qandaydir tarixchi bilan kelishdi”, dedi Ryutte.

Ryutte bu bilan cheklanmadi. U Zelenskiyning Oq uyga qilgan o‘sha mashhur tashrifida AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vensning Trampni qanday o‘z yo‘rig‘iga solganini juda chuqur o‘rgangan ko‘rinadi.

“Agar men Putinning o‘rnida bo‘lganimda va siz kelasi 50 kun davomida nima rejalashtirayotganingizni eshitganimda, Ukraina bilan gaplashishga arziydimi, deb yaxshilab o‘ylagan bo‘lardim”, dedi Ryutte

Tramp ehtiyotkorlikni yo‘qotishni xohlamayapti

AQSH Prezidentining bu bayonotlari Qo‘shma Shtatlar va Rossiya o‘rtasida o‘tgan oylar davomida asta-sekin tiklanishni boshlagan aloqalar butunlay to‘xtashini anglatmaydi. Chunki Donald Tramp Putinni tanqid qilgan har qanday jumlasida baribir qandaydir ehtiyotkorona harakat qildi. Bosqinni to‘xtatish uchun berilgan muhlat ham aslida juda uzoq. Umuman olganda, Tramp biroz yumshoqroq ohangni tanladi. U Putinni “qotil” deyishdan bosh tortdi, muzokaralar olib borishga chaqirdi, lekin Putinni Ukrainadagi urushni davom ettirayotgani va shaharlarni bombardimon qilgani uchun tanqid qildi. Tramp Patriot'dan boshqa qurollarni yetkazib berishga va’da bermadi, ammo Amerika OAVlari AQSHning NATO a’zolariga Ukrainaga beriladigan qisqa masofali raketalar, gaubitsalar va o‘rta masofaga mo‘ljallangan havo-havo tipidagi raketalarni sotishi mumkinligini yozmoqda. AQSH Prezidentining o‘zi esa bu borada sukut saqlamoqda. Uning maqsadi hali ham o‘zgarmagan. Tramp Putinni qancha kerak bo‘lsa, shuncha kutadigan ko‘rinadi.

Agar Ukraina yuborilgan qurollar tufayli o‘z pozitsiyasini mustahkamlasa, bu Rossiya Federatsiyasining ishtahasini o‘ldirishi, uning istaklar doirasini qisqartirishi mumkin. Ammo ruslar bunday deb hisoblamayapti. Masalan, Rossiya Davlat dumasining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Leonid Slutskiy Trampning bayonotini shunchaki manyovr deb atadi. U agar Tramp haqiqatan ham Ukrainani tartibga solishni istasa, u Zelenskiyga mushtini ko‘rsatishi va Rossiyaga qarshi ikkinchi darajali sanksiyalarni va’da qilmasligi kerakligini aytdi. Federatsiya Kengashi raisi o‘rinbosari Konstantin Kosachev esa 50 kun ichida jang maydonida ham, AQSH va NATOning kayfiyatida ham o‘zgarish bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu bilan u ko‘p ehtimol 50 kun ichida Rossiyaning hujumlari Ukrainadagi vaziyatni o‘zgartirishi mumkinligiga ishora qilgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun Putinga berilgan 50 kunlik muddat esa aslida Ukrainadagi qirg‘inni kuchaytirish va vayronalar sonini oshirish uchun taqdim qilingandek ko‘rinmoqda. Aynan shu sababdan ham Yevropa Ittifoqining Bosh diplomati Kaya Kallas AQSH Prezidenti Rossiya yetakchisi Vladimir Putinga juda uzoq muhlat berganidan xavotirda.

Putin to‘xtamasligini ma’lum qilgan

Shu o‘rinda Ukrainaga bosqinni to‘xtatish atrofida ketayotgan jarayonlardagi mazkur burilishlar qachon va qaysi voqeadan so‘ng yuz berganiga yana to‘xtalib o‘tish joiz. Bu Tramp va Putinning so‘nggi telefon suhbati ekani ko‘pchilikka ma’lum. Salkam ikki haftadan buyon ushbu suhbat tafsilotlari va undan keyin o‘zgargan qarashlar va harakatlar rejasi haqida gapirilmoqda. Ammo yaqindagina “Axios” portali tomonidan e’lon qilingan yana bir tafsilot e’tiborni tortdi. Bu Vladimir Putin Donald Trampga Rossiya yaqin ikki oy ichida Ukrainadagi hujumlarini kuchaytirishini ma’lum qilgani haqida xabardir. Nashrning yozishicha, Putin AQSH Prezidentiga “kelgusi 60 kun ichida Rossiya muhim mavqega ega bo‘lgan Ukraina viloyatlarini to‘liq bosib olish uchun yangi harakatlarni amalga oshirishini aytgan. Manbalarga ko‘ra, Trampning o‘zi suhbatning shunday tafsilotlarini Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga yetkazgan. Kreml va Oq uy yetakchilari o‘rtasidagi keskinlik aynan shunda so‘ng buzilgani aytilmoqda.

Ammo Tramp Rossiyalik mavqedoshi bilan orani ochiq qilmoqchi emas. AQSH Prezidenti BBC ga bergan intervyusida Rossiya rahbarining xatti-harakatlaridan ko‘ngli qolganiga qaramay, u bilan aloqalarni butunlay uzishga hali tayyor emasligini ma’lum qildi.

“Putinning harakatlari tufayli undan hafsalam pir bo‘ldi, lekin bu hammasi tugaganini anglatmaydi. Putin bilan to‘rt marta gaplashdim va biz kelishdik deb o‘yladim. Ammo keyin, Rossiya Kiyevdagi tug‘ruqxonani yoki shunga o‘xshash biror joyni bombardimon qilganini ko‘raman. Keyin o‘zimga “La’nati, bu nimasi?”, deb aytaman”, dedi Tramp.

Shuningdek, AQSH Prezidentidan, u Putinga qanchalik ishonishi haqida so‘rashganida, Donald Tramp “rostini aytsam, men deyarli hech kimga ishonmayman”, deya javob berdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Ukraina Oq uy Patriot Andrey Ermak Mark Ryutte

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing