Tramp Shavkat Mirziyoyevni ham Tinchlik kengashiga taklif qildi
Jamiyat
−
19 yanvar 5605 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampdan Yaqin Sharqda tinchlikni mustahkamlash va mojarolarni hal etish yuzasidan xalqaro tashabbusga qo‘shilish bo‘yicha rasmiy taklif kelib tushdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot kotibi ma’lum qildi.
Maktubda qayd etilishicha, ushbu tashabbus 2025 yil 29 sentyabrda e’lon qilingan va jahon yetakchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashining 2025 yil 17 noyabrdagi 2803-sonli Isroil va HAMAS tomonidan kelishilgan G‘azo sektori uchun tinchlik rejasini amalga oshirish yuzasidan rezolyutsiya bilan ma’qullangan G‘azodagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks rejaga asoslanadi.
Tashabbusning asosiy maqsadi uzoq muddatli tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni shakllantirish uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor bo‘lgan davlatlarni birlashtirishga qaratilgan yangi xalqaro tuzilma – Tinchlik kengashini tuzishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasiga Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilish taklif etilgan.
Bildirilishicha, O‘zbekiston rahbari amerikalik mavqedoshi javob maktubini yo‘llab, unda O‘zbekiston Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilishga tayyorligini bildirgan.
Prezident o‘z maktubida ushbu tashabbusga Yaqin Sharqdagi ko‘p yillik nizolarni hal etish, keng mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida qaralayotganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yil 16 yanvarda G‘azo sektorida Tinchlik kengashi tuzilishini e’lon qilgan edi. Ushbu tuzilmani tashkil etish Trampning G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasining bir qismi bo‘lib, unda xalqaro kuchlarni joylashtirish ham nazarda tutilgan. Birlashmaning ijroiya qo‘mitasi tarkibiga AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff, Prezidentning kuyovi Jared Kushner hamda Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler kiradi.
Vashington Tinchlik kengashida ishtirok etish uchun 50 ta davlat rahbarlariga, jumladan, Argentina, Kanada, Fransiya, Germaniya, Avstraliya, Bahrayn, Misr, Turkiya va Isroil, Rossiya yetakchilariga taklif yuborgan. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham taklif olgan.
“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH G‘azo sektori bo‘yicha xalqaro Tinchlik kengashida doimiy o‘rin olishni istagan davlatlardan kamida 1 milliard dollar badal kiritishni so‘ramoqda. Ijroiya kengashining birinchi raisi Trampning o‘zi bo‘lib, tashkilot a’zoligiga kimni qabul qilish masalasini aynan u hal qiladi. Tinchlik kengashiga a’zo bo‘lgan har bir davlat uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga tayinlanadi va bitta ovozga ega bo‘ladi. Kengash qarorlari ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi, biroq ularning barchasi rais – Tramp tomonidan tasdiqlanishi shart.
Live
Barchasi