Tramp “Tinchlik kengashi” nizomini imzoladi (video)

Olam

image

Bugun, 22 yanvar kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘z tashabbusi bilan tuzilgan “Tinchlik kengashi” nizomini imzoladi. Hujjatni u bilan birga jami 19 davlat vakillari imzolagan. Marosimning jonli efiri Oq uyning rasmiy YouTube-kanalida namoyish etildi.

“Biz butun dunyoda tinchlikka erishamiz va Xudo haqqi, bu barchamiz uchun tarixga qo‘shilgan buyuk hissa bo‘ladi. Bu zalda o‘tirgan har bir inson – yulduz, aks holda siz bu yerda bo‘lmas edingiz. Bu Kengash to‘liq shakllantirilgach, biz deyarli xohlagan ishimizni qila olamiz. Buni BMT bilan hamkorlikda amalga oshiramiz”, deydi Tramp.

Hujjatni imzolash marosimi Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi doirasida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham qatnashdi. Shuningdek, Yaqin Sharq va Janubiy Amerika mamlakatlari (Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA, Argentina, Paragvay, Bahrayn, Bolgariya, Indoneziya, Iordaniya, Kosovo, Marokash, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Turkiya) vakillari, shuningdek, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ishtirok etdi.

CNN telekanaliga ko‘ra, Tramp bilan bir sahnada 20 nafardan kam davlat vakillari bo‘lgan va AQSHning an’anaviy G‘arbiy Yevropa ittifoqchilaridan birortasi ham qatnashmagan. Trampning nutqidan so‘ng Oq uy matbuot kotibi Karolin Livitt “Tinchlik kengashi” endi rasman xalqaro tashkilot ekanini e’lon qilgan. Shundan keyin davlat rahbarlari navbatma-navbat Trampning oldiga borib hujjatga o‘z imzosini qo‘ya boshladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Davosda G‘azo “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilish  bo‘yicha hujjatni imzolagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Tinchlik kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing