Tramp Ukrainadagi urushni tugatish uchun Xitoy yordamiga umid qilmoqda

Olam

image
Tramp Si Szinpinning va’dasini eslatdi north_east

Tramp Si Szinpinning va’dasini eslatdi

AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoy rahbari Si Szinpin bilan bo‘lajak uchrashuvda Rossiya-Ukraina mojarosini hal etishni muhokama qilish niyatida ekanini va Pekin Moskva bilan muzokaralarda ishtirok etishini kutayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u Malayziyaga jo‘nash oldidan o‘z samolyotida jurnalistlarga bergan intervyusida aytdi.

“Biz gaplashadigan mavzulardan biri bu Rossiya va Ukraina masalasi. Men Xitoy bizga Rossiya borasida yordam berishini istardim”, dedi u.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Vashington allaqachon Moskvaga qarshi “juda qattiq sanksiyalar” qo‘ygan.

Oldinroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Pekin Moskvaning urushda mag‘lub bo‘lishidan manfaatdor emasligi haqidagi bayonotiga javob qaytarar ekan, ikki davlat o‘rtasida tinchlik o‘rnatish pozitsiyasiga amal qilishini va o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirishini ma’lum qilgandi.

“Bloomberg”ning yozishicha, AQSH Prezidenti Janubi-Sharqiy Osiyo bo‘ylab safari chog‘ida bunday resurslarning dunyodagi asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lgan Xitoyga bosimni kuchaytirish uchun turli hamkorlar bilan muhim foydali qazilmalar bo‘yicha shartnomalar imzolashni rejalashtirmoqda. Agentlik manbalariga ko‘ra, Tramp ta’minot zanjirlarini mustahkamlovchi, AQSHga sarmoya jalb qiladigan va global o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi kelishuvlarga erishmoqchi.

Prezidentning tashrif buyuradigan hududlarga ASEAN sammiti bo‘lib o‘tadigan Malayziya, 30 oktyabrda APEC sammiti va Si Szinpin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadigan Yaponiya va Janubiy Koreya kiradi.

Tramp va Si o‘rtasidagi uchrashuv mamlakatlar o‘rtasidagi savdo ziddiyati fonida bo‘lib o‘tadi. Tramp avvalroq Pekinga muzokaralarda muvaffaqiyatga erishilmasa, 1 noyabrdan boshlab 100 foiz tariflar joriy etish bilan tahdid qilgan edi. U savdo kelishuvlarini, jumladan, Xitoyning Amerika soyasini sotib olishiga oid kelishuvlarni muhokama qilishiga umid bildirdi.

“Mening, siz bilganingizdek, Si Szinpin bilan munosabatlarim yaxshi. Juda yaxshi. Biz uchrashamiz. Yaxshi uchrashuv o‘tkazamiz”, dedi Tramp jurnalistlarga.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Malayziyaga safari chog‘ida Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy va Bosh vazir Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy bilan uchrashishi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Rossiya-Ukraina Xitoy Si Tszin'pin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing