Tramp Si Szinpinning va’dasini eslatdi
Olam
−
17 avgust 8925 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoy rahbari Si Szinpin shaxsan unga prezidentlik davrida Xitoy Tayvanga bostirib kirmasligiga va’da berganini aytdi. Bu haqda kecha, 16 avgust kuni “Newsweek” xabar berdi.
Jurnalda yozilishicha, Si Szinpin Oq uy rahbariga “Siz Prezident ekansiz, men hech qachon bunday qilmayman” degan. Tramp esa bunga javoban Xitoy kabi o‘zining ham sabrli ekanini eslatgan va Tayvan bo‘yicha berilgan bu va’dani qadrlashini aytgan.
Shu bilan birga, Amerika Prezidenti Si Szinpin aynan qachon unga bunday va’dalarni berganini aytmagan. Trampning ikkinchi prezidentlik muddati davomida ikki yetakchi o‘rtasida tasdiqlangan birinchi telefon muloqoti iyun oyida bo‘lib o‘tgan edi. Nashrga ko‘ra, bunday va’da o‘sha telefondagi suhbat payti berilgan bo‘lishi mumkin.
Xitoyning Tayvanga bostirib kirishi Qo‘shma Shtatlarning harbiy javobini keltirib chiqarishi mumkin, bu ikki yadroviy qudratli davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroga olib kelishi va butun dunyo uchun keskin oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Xitoy rasmiylari “Tayvan muammosi” Xitoy-Amerika munosabatlaridagi eng muhim masalalardan biri ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Pekin “yagona Xitoy” tamoyiliga amal qilishni talab qilmoqda.
Taxminan 23 million aholisi bo‘lgan Tayvan qisman tan olingan demokratik davlat bo‘lib, Pekin uni “isyonchilar viloyati” deb biladi. Orol rasmiylari Pekin 1980 yillardan beri ilgari surayotgan “bir davlat, ikki tizim” modelini rad etadi. So‘nggi yillarda Xitoy orol qirg‘oqlarida bir necha bor keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi, ba’zi harbiy tahlilchilar buni bosqinchilik mashqlari sifatida baholadi. Pekin Tayvanni materik Xitoydan ajratib turuvchi bo‘g‘oz orqali boshqa davlatlar harbiy kemalarining o‘tishini provokatsiya sifatida qabul qiladi.
Si Szinpin bir necha bor Tayvanning materik Xitoy bilan “qayta birlashishi” haqida gapirgan va Pekinga orol ustidan suverenitet o‘rnatish uchun 2027 yilgacha muddat belgilagan. Trampning ikkinchi prezidentlik muddati 2029 yil boshida tugaydi.
Vashington Tayvan mustaqilligini tan olmaydi va Taybey bilan diplomatik aloqalarga ega emas. Ayni paytda, Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda qabul qilingan Tayvan munosabatlari to‘g‘risidagi qonunga binoan orolga qurol sotadi. Ushbu hujjat o‘z-o‘zini himoya qilish uchun qurol-yarog‘larni yetkazib berishni nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden ham Qo‘shma Shtatlar Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlamasligini aytgandi.
Live
Barchasi