“Tinchlik kengashi” faoliyati va Trampning vakolatlari bo‘yicha tafsilotlar ma’lum bo‘ldi
Olam
−
28 yanvar 4034 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp hali imzolamagan “Tinchlik kengashi” rezolyutsiyasi loyihasiga ko‘ra, u tashkilot raisi sifatida keng vakolatlarga ega bo‘ladi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Nashr qo‘liga tushgan rezolyutsiya loyihasi nusxasiga ko‘ra, AQSH Prezidenti G‘azo sektorini boshqarish uchun yuqori lavozimli amaldorlarni tayinlash, shuningdek, ular o‘rtasida vazifalarni taqsimlash huquqiga ega bo‘ladi.
Ushbu lavozimlar qatoriga G‘azo sektoridagi “oliy vakil” lavozimi ham kiradi. U anklavni boshqaruvchi organ faoliyatini nazorat qiladi. Shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash uchun joylashtiriladigan xalqaro barqarorlashtirish kuchlarining qo‘mondoni ham tayinlanishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Donald Tramp rezolyutsiyalarni tasdiqlash va favqulodda holatlarda ularning amal qilishini to‘xtatib turish huquqiga ham ega bo‘ladi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hujjat joriy yil 22 yanvar sanasi bilan rasmiylashtirilgan, ammo hozirgacha Tramp tomonidan imzolanmagan. Agar u imzolansa, rezolyutsiya kuchga kiradi. Bu haqda hujjat bilan tanish va uning haqiqiyligini tekshirgan uch nafar mansabdor ma’lum qilgan. Shu bilan birga, mazkur hujjat rezolyutsiyaning yakuniy varianti ekani yoki yo‘qligi hali aniq emas. Manbalarning aytishicha, u hozircha muhokama bosqichida.
Maqolada qayd etilishicha, hujjat BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga o‘xshash bo‘lib, “Tinchlik kengashi”ning G‘azo sektori bo‘yicha ayrim rejalarini rasmiylashtirishga urinish sifatida baholanmoqda.
Rezolyutsiya loyihasiga ko‘ra, “Tinchlik kengashi” G‘azoni tiklash jarayonini muvofiqlashtiradi. Bu o‘ta yirik loyiha bo‘lib, unga o‘nlab milliard dollar sarflanishi va yillar davom etishi kutilmoqda. Shuningdek, G‘azoga gumanitar yordam yetkazib berishga ko‘maklashish ham rejada bor.
Hujjatda, shuningdek, XAMAS bilan hamkorlik, infiltratsiya yoki ta’sir o‘tkazish bo‘yicha isbotlangan tarixga ega bo‘lgan shaxslar va tashkilotlar G‘azoni boshqarish yoki uni tiklash jarayonlarida ishtirok etmasligi belgilangan.
Rezolyutsiya loyihasida BMTning Yaqin Sharq tinchlik jarayoni bo‘yicha sobiq maxsus vakili Nikolay Mladenovning roli ham batafsil bayon etilgan. U Oq uy tomonidan G‘azo bo‘yicha birinchi oliy vakil etib tayinlangan. Hujjatga ko‘ra, Mladenov G‘azoni boshqarish bo‘yicha Milliy qo‘mita – falastinlik texnokratlardan iborat organ faoliyatini nazorat qiladi, politsiya kuchlari ustidan kuzatuv olib boradi hamda butun “kunlik faoliyat”ga rahbarlik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Donald Tramp tashabbusi bilan tuzilgan “Tinchlik kengashi” ustavini imzolagan edi. Buning uchun u Tramp taklifiga binoan Davosga borgan.
AQSH va O‘zbekistondan tashqari, ustavni Armaniston, Argentina, Ozarbayjon, Bolgariya, Vengriya, Indoneziya, Iordaniya, Kosovo, Pokiston, Paragvay, Qatar, Saudiya Arabistoni, Turkiya, BAA, Qozog‘iston va Mo‘g‘uliston ham imzolagan.
Live
Barchasi