Trampdan cho‘chigan Kim gipertovushli raketalarini sinovdan o‘tkazdi

Olam

image

Kecha, 4 yanvar kuni Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) AQSHning Venesuelada amalga oshirgan operatsiyasi fonida gipertovushli raketalarni uchirish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Bu haqda Koreya Markaziy telegraf agentligi xabar berdi.

Agentlik bayonotiga ko‘ra, uchirishlar Pxenyandagi Ryokpxo hududidan amalga oshirilgan. Raketalar Yaponiya dengizi akvatoriyasida ming kilometr masofadagi nishonlarni urib tushirgan. KXDR yetakchisi Kim Chen In shaxsan mashg‘ulotlarni kuzatgan.

“Biz harbiy vositalarni, avvalo hujumkor qurol tizimlarini izchil takomillashtirib borishimiz kerak. Bu o‘zini himoya qilish uchun zarur chora. Ochig‘ini aytganda, bunday faoliyatimiz yadroviy tiyib turish salohiyatini bosqichma-bosqich yuqori rivojlanish darajasiga yetkazishga qaratilgan. Buning zarurligini so‘nggi geosiyosiy inqiroz va murakkab xalqaro vaziyat yaqqol tasdiqlamoqda”, deydi Kim Chen In.

“Reuters”ning yozishicha, tahlilchilar sinovlarni Pxenyanning AQSHning Venesuelaga bergan zarbalaridan xavotiri bilan bog‘lamoqda. Koreya milliy birlashuv instituti eksperti Xon Min Kimning “so‘nggi geosiyosiy inqiroz” haqidagi iborasi aynan shunga ishora qilishini aytgan.

Bundan tashqari, bir kun avval KXDR AQSHning Venesueladagi operatsiyasini qoralab, uni suverenitetga tajovuz deb atagan. Shu bilan birga, raketa uchirilishi Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myonning Xitoyga jo‘nab ketishidan bir necha soat oldin sodir bo‘lgan – u yerda u XXR raisi Si Szinpin bilan uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Janubiy Koreya OAVlariga ko‘ra, 4 yanvar tongida KXDR Yaponiya dengizi tomon bir nechta ballistik raketani uchirgan. Raketalar Pxenyan atrofidan uchirilgan va taxminan 900 km masofani bosib o‘tgan. Raketalar uchirilishi munosabati bilan Janubiy Koreya hukumati milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha shoshilinch yig‘ilish o‘tkazgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya Dengiz xavfsizligi xizmati Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) tomonidan yana bir ehtimoliy raketa uchirilganini aniqlagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Kim Chen In gipertovushli raketa Koreya Xalq Demokratik Respublikasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing