Trampning migratsiya siyosati. Chet elda yopilayotgan logistika markazlaridan o‘zbekistonliklarga qanday foyda?

Tahlil

image

2025 yilning 20 yanvarida lavozimga kirishgan AQSH prezidenti Donald Tramp iqtidorga kelishining dastlabki 100 kunida 80 dan ortiq farmon ishlab chiqdi. Ular asosan, federal ishchi kuchini qisqartirish, mamlakat tomonidan moliyalashtiriluvchi bir qancha dasturlarni bekor qilish, noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish va import tovarlariga boj tariflarini oshirish kabilardan iborat edi. Ammo Trampning ko‘pgina farmonlari nafaqat Qo‘shma Shtatlar, balki dunyo ahli muhokamasiga sabab bo‘ldi. Bir qancha bahsli qarorlar sudda ko‘rib chiqilib, o‘zgartirildi yoki bekor qilindi.

Tramp ma’muriyati amalga oshirayotgan eng katta va norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan qaror bu qat’iylashtirilgan migratsiya siyosatidir. “Dream of America”, ya’ni “Amerika orzusi”ni yanada uzoqlashtirishga qaratilgan bunday tizimli harakatlar orqali Tramp barcha pullar mamlakat ichkarisida qolishini istayapti. Shu maqsadda ko‘pgina logistika xizmatlarini ko‘rsatuvchi chet el dispetcherlik markazlari yopilmoqda. Ammo bu o‘zbekistonliklarga ko‘proq foyda keltirmoqda. Qanday qilib deysizmi? Maqolada shu haqda so‘z boradi.

Migratsiya – AQSHning o‘zgaruvchan siyosati

AQSH migratsiya siyosati ko‘pincha tebranuvchan bo‘lib, yo‘nalishning qay tomonga og‘ishi asosan ikki partiya tomonidan hal qilinadi. Masalan, Demokratlar hokimiyatga kelganida ochiqlikka, Respublikachilar kelganida esa yopiqlikka tomon o‘zgaradi. Demokratlar noqonuniy muhojirlar va boshpana so‘rovchilarning tub sabablari sifatida iqlim o‘zgarishi, korrupsiya va avtoritar boshqaruvlarni ko‘rsatadi, ya’ni bu omillar bartaraf etilmaguncha migratsiyani to‘xtatib bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Respublikachilar partiyasining ba’zi a’zolari esa noqonuniy migrant va boshpana izlovchilarni AQSHga jinoyat sodir etish uchun bostirib kirayotgan potensial terrorchilar sifatida ko‘rsatadi. Ularning fikricha, bunday shaxslar mamlakatda jinoyatchilik darajasi oshib ketishiga sabab bo‘ladi.

Migratsiya siyosati odatda ramziy xarakterga ega – prezidentlar ko‘pincha real vaziyatni emas, balki siyosiy signal beruvchi qarorlarni e’lon qiladi. Trampning migratsiya siyosati AQSHning noqonuniy muhojirlar va boshpana izlovchilarga “yopiq” ekani signalini beradi.

AQSH har yili 1,1 milliondan ortiq muhojirni qabul qiladi, ularning aksariyati mamlakatda bo‘lgan paytda immigratsiya vizasini oladi. AQSH har yili 500 mingdan ortiq vaqtinchalik mehnat vizalari beradi, jumladan, shuning 300 mingdan ortig‘i H-2A – mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishchilari, 100 mingtasi H-2B – past malakali qishloq xo‘jalikdan tashqari ishchilar va yana 100 mingtasi H-1B – oliy ma’lumotli ishchilar uchun beriladi.

Trampning migratsiya bo‘yicha farmonlari

Trampning migratsiya bo‘yicha birinchi farmoni 2025 yil 29 yanvarda e’lon qilingan “Amerika xalqini bostirib kirishdan himoya qilish” haqida bo‘lib, ijro hokimiyatiga “AQSHda noqonuniy chet elliklar sonining ortishi yoki davom etishiga olib kelgan avvalgi ma’muriyat qarorlarini bekor qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish” haqidagi buyruq edi.

“So‘nggi 4 yilda avvalgi ma’muriyat AQSHga misli ko‘rilmagan darajadagi noqonuniy immigratsiyani taklif qildi. Millionlab noqonuniy chet elliklar chegarani kesib o‘tdi yoki tijorat reyslari orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri uchib kelib, federal qonunlarga zid ravishda Amerika jamiyatlarida yashashiga ruxsat berildi”, deyiladi farmon matnida.

30 yanvarda e’lon qilingan yana bir farmonda ham Jo Bayden ma’muriyati ostida AQSH keng ko‘lamli bostirib kirishga duchor bo‘lgani ta’kidlanadi. Farmonda Tramp noqonuniy chet elliklar oqimini to‘xtatishni va’da qilib, Meksika-AQSH chegarasida devor qurishni va mamlakatga kirib kelgan har qanday noqonuniy chet ellikni hibsga olishni buyuradi.

Ta’kidlash lozimki, Trampning birinchi muddatidan so‘ng lavozimga kelgan Jo Bayden uning bir qator migratsiya siyosatiga oid farmonlarini bekor qilgan edi.

“Bu muammoning kaliti AQSH chegarasida emas. Biz siyosiy islohotlar hamda odam va giyohvand moddalar kontrabandasiga javobgar jinoiy guruhlarni nishonga olish orqali migratsiyaning ildiz sabablarini hal qilishimiz kerak,” degan edi Bayden 2018 yil iyun oyida.

Bundan tashqari, u AQSH boshpana izlovchilar, qochqinlar va xavfsiz joyda yangi hayot boshlashni istovchilar uchun ochiq ekanini bildirgan. Baydenning prezidentlik davrida xorijda tug‘ilgan AQSH fuqarolari soni 8,3 millionga o‘sib, 53 millionga yetdi va jami aholining 16 foizini tashkil etdi.

Tramp noqonuniy muhojirlarga qarshi kurashni kuchaytirar ekan, bu jiddiy noroziliklarga sabab bo‘ldi. Los-Anjelesda boshlangan Tramp ma’muriyatining markazlashgan immigratsiyaga qarshi kuchaytirilgan reydlariga qarshi norozilik namoyishlari butun mamlakat bo‘ylab tarqaldi. Xususan, Nyu-York, Chikago, Atlanta, Omaha va Sietlda shunday namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

AQSH kompaniyalari chet eldagi dispetcherlik markazlarini yopmoqda: bundan O‘zbekiston foyda ko‘radimi?

So‘nggi vaqtlarda AQSHda migratsiya siyosati qat’iylashtirilayotgani fonida AQSHdagi bir qancha yirik logistika kompaniyalari xarajatlarni kamaytirish va operatsiyalarni optimallashtirish maqsadida o‘z tizimlarini qayta ko‘rib chiqmoqda. Bu jarayonda ayrim mamlakatlardagi dispetcherlik markazlari yopilmoqda. Jumladan, FedEx va UPS kabi yirik logistika kompaniyalari o‘zlarining chet eldagi ayrim logistika va dispetcherlik markazlarini yopish yoki qisqartirishga kirishdi. Bu o‘zgarishlar butun dunyo bo‘ylab logistika sohasida muhim tendensiyalarda burilish bo‘lishi mumkin. Biroq shuni ham ta’kidlash lozimki, UPS Dubaydagi yuzdan ortiq xodim ishlagan mintaqaviy ofisini yopdi. Aksariyat xodimlar ishdan bo‘shatilgan, ba’zilariga esa Chexiyadagi boshqa ofisga o‘tish taklif qilingan, ammo u yerda maosh deyarli 60% kamaytirilgan.

Buning asosiy sabablari quyidagilar:

  • Kompaniyalarning xarajatlarni keskin kamaytirishga harakat qilishi;
  • Avtomatlashtirish va texnologiyalarga sarmoya ko‘payishi;
  • AQSH hukumatining ma’lumot xavfsizligi sababli chet elda joylashgan markazlarga ishonchi kamayishi;
  • Chet elda ishlovchi xodimlar orqali boshqarilayotgan ma’lumotlar xavfsizlik jihatidan noaniq bo‘lishi holatlari uchrashi.

Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekiston hali bu to‘lqindan zarar ko‘rgan mamlakatlar qatoriga kirmaydi. Qolaversa, arzon dispetcherlik xizmatlariga talabning oshishi ham o‘zbekistonliklarga foyda keltirishi mumkin. So‘nggi yillarda AQSHdagi ko‘plab kichik va o‘rta logistika kompaniyalari dispetcherlik xizmatlarini aynan O‘zbekistonga olib kelmoqda. Bunga sabab ishchi kuchining nisbatan arzonligi, ingliz tilida yaxshi so‘zlasha oladigan xodimlar mavjudligi va AQSH vaqtida ishlashga tayyor kadrlardir.

Biroq, hozirgi imkoniyatni doimiy deb bo‘lmaydi. FedEx va UPS kabi kompaniyalarning strategik qarorlari, avtomatlashtirish, texnologiyalarni joriy etish, ma’lumot xavfsizligi bo‘yicha talablarning oshishi kelajakda O‘zbekistondagi dispetcherlik markazlariga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp logistika AQSh migratsiya siyosati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing