Tug‘uruqxonaga qilingan hujumda 460 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
31 Oktabr 9655 2 daqiqa
Sudanning El-Fashir shahridagi tug‘uruqxonaga qilingan hujumda 460 dan ortiq bemor va ularning hamrohlari otib o‘ldirildi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu voqea harbiylar safiga qo‘shilgan isyonchilar tomonidan 2000 dan ortiq tinch aholining o‘ldirilganidan so‘ng sodir bo‘lgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ushbu tug‘uruqxona “bir oy ichida to‘rtinchi marta hujumga uchragani, bitta hamshira halok bo‘lgani va uch tibbiyot xodimi yaralanganini” ma’lum qilgan.
Xabarlarga ko‘ra, shifoxonada 460 dan ortiq bemor va ularga hamroh bo‘lgan odamlar otib o‘ldirilgan. Shifoxona ichidan olingan tasvirlarda vayronalar orasida sochilib yotgan jasadlar aks etgan.
“Shifoxonada operatsiya paytida kuchli o‘q otish boshlandi. Binoga snaryad tushdi. Bir ayolning ochiq yaralari bor edi va hamma mening atrofimda yugurib yurgan edi”, degan shifokorlardan biri.
Oldinroq ham ushbu tug‘uruqxona va unga yaqin hududlarda otishma sodir bo‘lgan. OAV joriy yilning 26-27 oktyabr kunlari 2000 dan ortiq qurolsiz tinch aholi o‘ldirilgani, ularning aksariyati ayollar, bolalar va qariyalar ekani haqida xabar bergan. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ommaviy qirg‘inlar dalillari ko‘rsatilgan.
Mahalliy faollar tomonidan e’lon qilingan videolarda jangarilar qurolsiz tinch aholini yerga o‘tirishga majburlab, ularni yaqin masofadan o‘ldirayotgani va bitta videoda bola kattalarni otib o‘ldirgani aks etgan.
Ushbu hujumdan oldin JSST Sudandagi tibbiyot muassasalariga 185 ta hujumni qayd etgan. Ushbu hujumlarning 49 tasi faqat shu yilning o‘zida sodir bo‘lgan va 966 kishi, asosan tibbiyot xodimlari va bemorlarning o‘limiga sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning boshida ham Sudan g‘arbida joylashgan El-Fashir shahridagi shifoxonaga Tezkor javob kuchlari (TJK) droni tomonidan uyushtirilgan hujum oqibatida 70 dan ortiq kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.