Turkiya harbiy samolyoti Gruziya chegarasida qulab tushdi (video)
Olam
−
11 noyabr 6567 2 daqiqa
Bugun, 11 noyabr kuni Ozarbayjondan Turkiyaga uchayotgan C-130 harbiy-transport samolyoti Gruziya va Ozarbayjon chegarasiga yaqin hududda halokatga uchradi. Bu haqda Turkiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Vazirlik samolyot bortida necha kishi bo‘lganini ochiqlamagan. Faqat Ozarbayjon va Gruziya rasmiylari bilan hamkorlikda qidiruv-qutqaruv ishlari yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar bergan.
Ozarbayjon Mudofaa vaziri Zokir Hasanov samolyot halokati munosabati bilan Turkiya Milliy mudofaa vaziri Yashar Gulerga hamdardlik bildirgan.
“Allohdan halok bo‘lganlarning ruhini orom topishini so‘rayman, ularning yaqinlarining g‘amini baham ko‘raman va chuqur ta’ziya bildiraman”, deyiladi bayonotda.
Turkiya harbiy-transport samolyotining halokati haqida birinchi bo‘lib “Imedinews” xabar bergan. Gruziya nashri, shuningdek, halokat joyidan olingan kadrlarni ham e’lon qilgan. Unda samolyot deyarli yerga tik qulab tushayotgani va ortidan tutun izi qoldirayotgani aks etgan.
Ma’lumot uchun, Lockheed C-130 Hercules – bu AQSHning Lockheed Martin kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan o‘rta va uzoq masofalarga mo‘ljallangan harbiy-transport samolyoti. U tuproq yo‘laklarga qo‘nish va ulardan uchishga, harbiy yuklar, shaxsiy tarkib va jarohatlanganlarni tashishga mo‘ljallangan. CNN Türk ma’lumotiga ko‘ra, ushbu turdagi samolyot Turkiya Qurolli kuchlari tomonidan turli missiyalarda faol foydalaniladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining F-18 qiruvchi samolyoti va MH-60R Sea Hawk vertolyoti Janubiy Xitoy dengizida halokatga uchragandi.