Gruziyadagi aviahalokat ortidan S-130 samolyotlari parvozi to‘xtatildi

Olam

image

Gruziyada Turkiya harbiy samolyoti halokatga uchrashi ortidan mamlakat Mudofaa vazirligi tergov tugaguniga qadar S-130 harbiy samolyotlarining parvozini to‘xtatdi. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.

Qayd etilishicha, Mudofaa vazirligi qutqaruv operatsiyasi yakunlanganini e’lon qilgan va ehtiyot choralari ko‘rilganini bildirgan.

“Bizning samolyotlarimizning uchishi 12 noyabrdan boshlab ehtiyot chorasi sifatida to‘xtatilgan. Barcha texnik tekshiruvlar va nazoratlar o‘tkazilgandan so‘ng undan muvaffaqiyatli o‘tgan samolyotlar (S-130) parvozi qayta boshlanadi”, deyiladi Turkiya Mudofaa vazirligi bayonotida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda barcha halok bo‘lganlarning jasadi topilgan, samolyotning qora qutisi aniqlanib, Turkiya hukumatiga topshirilgan. Endi samolyotning keng hudud bo‘ylab tarqalgan barcha qismlari yig‘ilib, Turkiyaga yetkaziladi.

Mudofaa vazirligi samolyot bortida hech qanday qurol-yarog‘ bo‘lmaganini, ichida shaxsiy tarkib, shuningdek, samolyotlarni ta’minlash vositalari va ehtiyot qismlari bo‘lganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, vazirlik samolyot eski bo‘lgan degan ma’lumotlarni rad etgan – u Saudiya Arabistonidan 2012 yilda sotib olingan, 2014 yilda armiyaga qabul qilingan, modernizatsiya qilingan va 2022 yilda qayta xizmatga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 noyabr kuni Turkiya harbiy samolyoti Gruziya hududida halokatga uchragandi. Kecha, 12 noyabr kuni Turkiya hukumati Gruziyadagi hodisa oqibatida 20 nafar harbiy xodim halok bo‘lganini rasmiy tasdiqladi. Bugun, 13 noyabr kuni esa barcha halok bo‘lgan uchuvchilarning jasadi voqea joyidan topilgani ma’lum bo‘ldi.

Hozirda Turkiyada halokatga uchragan harbiy samolyot urib tushirilgan bo‘lishi mumkinligi versiyasini ham ko‘rib chiqilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

harbiy samolyot S-130

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing