Turkiya Eron inkor qilgan raketalarning uchirilish nuqtasini aniqladi

Olam

image

Avvalroq, Erondan uchirilgan ballistik raketalar Turkiya hududida tutib qolingan edi. Eron esa ushbu raketalar o‘ziga tegishli ekanini rad etdi. Mazkur voqeadan so‘ng Turkiya tomoni mamlakatga yo‘naltirilgan har ikki raketa Erondan otilganini aniqladi. Bu haqda “Türkiye gazetesi” xabar qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 4 va 9 mart kunlari yo‘naltirilgan raketalar uchish masofasi taxminan 1200 kilometrga ega va har ikkala raketaning uchishi Tehron sharqidagi hududda amalga oshirilgan.

Manbalarga ko‘ra, bu voqea Erondagi “Mozaik mudofaa” tizimi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Aytilishicha, hujumlarning boshida AQSH va Isroil Eronning markaziy harbiy boshqaruv tizimiga zarba bergan. Oqibatda markaz bilan aloqa uzilib qolgan bo‘lishi mumkin. Bunday holatda esa oldindan berilgan harbiy buyruqlar avtomatik tarzda bajarilishda davom etadi.

Bu tizimga ko‘ra, Eron hududi 7-8 qismga bo‘lingan va har bir hududda alohida qo‘mondonlar bor. Agar markaziy rahbariyat bilan aloqa uzilsa, ular avval berilgan buyruqlarni bajarishda davom etadi. Shu sababli, Turkiya tomonga raketa uchirilishi hududdagi qo‘mondon eski buyruqni bajargani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Hozir bu holat batafsil o‘rganilmoqda.

Anqara Erondan berilayotgan bayonotlarga hozirgi keskin sharoit va mamlakat ichidagi “mozaik tizim” sabab ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lmoqda. Urushning kengayib ketmasligi, mojaroning boshqa hududlarga yoyilmasligi va Eronning bo‘linib ketmasligi rasmiy Ankaraning asosiy maqsadidir.

Manbalarga ko‘ra, Turkiya barcha diplomatik tashabbuslarini ham aynan shu maqsadlar doirasida olib bormoqda. Yangi frontlar ochilmasligi uchun mintaqa davlatlari hamda Ozarbayjon bilan muzokaralar o‘tkazilayotgani ta’kidlanmoqda.

Uchunchi raketa uchirilsa…

Erondan Turkiya tomon yana, ya’ni uchinchi raketa uchirilishi ehtimoli ham ko‘rib chiqilgan. Bu holatda Turkiya urushga tortib ketadigan hech qanday ssenariyda ishtirok etmasligi aytilgan. Hukumat vaziyatga sovuqqonlik va ehtiyotkorlik bilan yondashishda, shuningdek, ogohlantiruvchi choralar qo‘llashda davom etadi.

Turkiyada Eron raketasi

Joriy yilning 4 mart kuni Turkiya osmonida Erondan uchirilgan ballistik raketa yo‘q qilingandi. Shundan so‘ng, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon qo‘shnilaridan uzr so‘radi va hujumlarni to‘xtatishga va’da berdi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan esa Turkiya oson provakatsiyaga beriladigan mamlakat emasligini aytib, Eronni keskin ogohlantirdi.  

Shunga qaramay, 9 mart kuni Eron tomonidan otilgan yana bir ballistik raketa Turkiya havo hududida urib tushirildi. Shu kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Eronni xato qilishdan tiyilishga va qaysarlik qilmaslikka chaqirdi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan mazkur hodisa yuzasidan telefon orqali muloqot qildi. Unda Aroqchi Eronning raketaga aloqasi yo‘qligini aytdi. Ushbu hujumlardan so‘ng Malatyaga Turkiyada havo hududini himoya qilish maqsadida Patriot havo mudofaa tizimi joylashtirilishi aytildi


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Eron ballistik raketa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing