Turkiya Qora dengizda noma’lum dronni urib tushurdi
Olam
−
09:59 2541 1 daqiqa
Turkiya kuchlari Qora dengiz tomonidan uchib kelgan noma’lum dronni urib tushirdi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Turkiya havo hududi tomonga Qora dengiz ustidan uchib kelgan, ehtimol “boshqaruvdan chiqqan” uchuvchisiz uchish apparati harbiylar tomonidan urib tushirilgan.
Xabarda aytilishicha, dronni tutib qolish uchun NATOga qarashli F-16 qiruvchi samolyotlari havoga ko‘tarilgan va u xavfsiz hududda yo‘q qilingan.
“Turkiya havo hududi xavfsizligini ta’minlash maqsadida NATO va milliy qo‘mondonlik nazoratidagi F-16 qiruvchi samolyotlariga jangovar javob berish vazifasi yuklatildi. Aniqlanishicha, mazkur havo nishoni boshqaruvdan chiqqan uchuvchisiz uchish apparati bo‘lgan. Mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldini olish uchun u aholi yashash joylaridan uzoq, xavfsiz hududda nishonga olinib urib tushirildi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Dron kimga tegishli ekani hozircha noma’lum. Shuningdek, uning fuqarolik yoki harbiy apparat bo‘lgani ham aniqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakat shimoliy qirg‘oqlari yaqinida Rossiyaning “soya floti”ga mansub tankerlar nishonga olinganidan so‘ng, Qora dengizdagi tijorat kemalariga uyushtirilgan hujumlarni “qabul qilib bo‘lmas” deb atagandi.
Live
Barchasi