Turkiyada ISHIDning 115 a’zosi qo‘lga olindi
Olam
−
25 dekabr 2241 1 daqiqa
Turkiya rasmiylari mamlakatda Rojdestvo va Yangi yil bayramlari paytida hujumlar uyushtirishni rejalashtirganlikda gumon qilingan 115 nafar “Islomiy davlat” (ISHID) terror guruhi a’zosini hibsga oldi. Bu haqda Istanbul Bosh prokuraturasi bayonotiga tayanib, “Anadolu” ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Istanbul politsiyasi mazkur shaxslar Turkiyada Rojdestvo va Yangi yil bayramlari paytida musulmon bo‘lmaganlarga qarshi hujumlarni rejalashtirgani haqida ma’lumot olgan. Shundan so‘ng, politsiya Istanbulda 124 ta joyga reyd o‘tkazib, qidirilayotgan 137 gumondordan 115 nafarini qo‘lga olgan. Bir nechta to‘pponcha va o‘q-dorilar musodara qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHda Yangi yil kechasida terakt uyushtirishni rejalashtirganlar hibsga olingani haqida xabar berilgandi. Adliya vazirligi va Federal tergov byurosining birgalikdagi faol olib borgan tadbirlari natijasida Los-Anjelesda bo‘lg‘usi teraktning oldi olingan.