Turkiyada o‘zbekistonlik ayolning boshsiz jasadi topildi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik ayolning boshsiz jasadi topilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, kecha, 24 yanvar kuni soat 19:40 atrofida Istanbul shahrining Shishli tumanida chiqindilar orasidan buyum to‘plab yurgan fuqaro konteyner ichida o‘ralgan jasadni ko‘rib, bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan. Ko‘rik jarayonida jasadning bosh qismi mavjud emasligi qayd etilgan.

Bosh konsulxona tomonidan mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud-tibbiy ekspertiza markazi hamda prokuratura bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida marhumaning shaxsi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi H.D. ekani tasdiqlangan. 

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining 2 nafar fuqarosi qo‘lga olingan. Ular Turkiyadan Gruziyaga aviareys orqali qochishga uringan vaqtida ushlangan.

Bosh konsulxona diplomatlari tomonidan marhumaning oila a’zolari bilan aloqa o‘rnatilgan hamda ularga tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Mazkur holat bo‘yicha surishtiruv jarayonlari Bosh konsulxona nazoratiga olingan.

Bosh konsulxona ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlarni rasmiy manbalar orqali taqdim etib boradi.

Turkiya OAVlarining yozishicha, voqea Duatepe mahallasi, Kuyulubog‘ ko‘chasida soat taxminan 20:00 atrofida sodir bo‘lgan. Mahallada qog‘oz terib yurgan O.Ch. ismli shaxs axlat konteynerida choyshabga o‘ralgan jasadni ko‘rib, bu haqda politsiyaga xabar bergan.

Dastlabki ko‘zdan kechirish jarayonida jasad ayolga tegishli ekani, ammo boshi yo‘qligi aniqlangan. Voqea joyiga kelgan xodimlar atrofni o‘rab olib, keng qamrovli tergov ishlarini olib borgan. Tekshiruv davomida ayolning boshi va kesilgan oyoqlari topilmagan.

Guvohlarning ko‘rsatmalariga asosan, gumonlanuvchilar olib yurgani aytilgan chemodan ayni mahalladagi Bozkurt ko‘chasidan topilib, dalil sifatida o‘rganishga olingan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, qotillikni marhuma bilan yaqin munosabatda bo‘lgani aytilgan O‘zbekiston fuqarosi, qurilish ishchisi D. (31 yosh) sodir etgan. Unga yana bir qurilish ishchisi G. 29 yosh) yordam bergani aniqlangan.

Yuzlab kuzatuv kameralari yozuvlari o‘rganilib, ikki gumonlanuvchining Gruziyaga qochish uchun aeroportga yo‘l olgani aniqlangan. Taxminan 8 soatlik operatsiya natijasida ular mamlakatni tark etishga ulgurmasdan qo‘lga olingan. Shuningdek, E.K. ismli yana bir shaxs gumonlanuvchi sifatida ushlanib, jami qo‘lga olinganlar soni 3 nafarga yetgan.

“Jabrlanuvchi bilan voqea sodir bo‘lgan kuni tanishdik. O‘rtamizda munosabat boshlandi. Keyin janjallashib qoldik. Uni pichoq bilan o‘ldirdim. So‘ngra do‘stim bilan birga jasadni Umraniyadagi uyda bo‘laklarga ajratdik. Jasad qismlarini paketga solib, chemodanga joyladik. Keyin taksida Shishliga kelib, jasad va qismlarni turli axlat konteynerlariga tashladik”, degan qo‘lga olingan fuqarolardan biri.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya o'zbekistonlik jasadi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing