Turkiyada yana bir o‘zbekistonlik ayol o‘ldirilgani aniqlandi

Olam

image

Turkiyaning Istanbul viloyati Moltepa tumanida 2019 yilda yo‘qolgan deb qidiruvga berilgan o‘zbekistonlik ayol eri tomonidan o‘ldirilgani aniqlandi. Bu hadqa DHA xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2019 yilda opasi Sevara Zohidova tomonidan qidiruvga berilgan 36 yoshli marhuma Hurriyat Tursunboyeva eri Ersin Y. (37 yosh) tomonidan o‘ldirilib, chiqindiga tashlangan.

Aniqlanishicha, Ersin uning jasadini bir oy davomida yashirgach, bo‘laklarga bo‘lib, chiqindi konteyneriga tashlagan. Holat yuzasidan Ersin Y. va voqeadan keyin unga yordam bergan do‘sti Anil Y. qo‘lga olingan.

Istanbul politsiya boshlig‘i Selami Yildiz topshirig‘i bilan eski yo‘qolganlik ishlari qayta ko‘rib chiqilishi boshlangan. Shu doirada 2019 yilda O‘zbekiston fuqarosi Sevara Zohidova tomonidan singlisi Hurriyat Tursunboyeva bilan bog‘liq Anadolu Bosh prokuraturasiga berilgan ariza qayta tekshirilgan.

Shundan so‘ng politsiya Tursunboyevaning Moltepadagi uyiga borib, qo‘shnilardan ma’lumot olgan. Qo‘shnilar o‘sha paytda Ersin Y. xotini deportatsiya qilinib, ortga yuborilgani haqida aytganini bildirgan. Shu davrda xonadondan yomon hid kelib, Ersin Y. esa bu hidni kaptar boqishi bilan izohlagani aniqlangan. Tekshiruvda Tursunboyeva mamlakatdan chiqib ketmagani va uning nomidagi telefon raqami o‘sha vaqtda Turkiyada faol holatda ekani ma’lum bo‘lgan.

Sevara Zoxidovaning ko‘rsatmasiga ko‘ra, er-xotin o‘rtasida jiddiy kelishmovchilik bo‘lgan. Ersin Y. yo‘qolganlik arizasidan so‘ng qisqa vaqt ichida “tashlab ketildim” degan vaj bilan ajrashish da’vosi kiritgan. Tursunboyeva 5 yil davomida da’voga javob bermagani sababli sud ajrashish qarorini chiqargan.

Taxminan 7 yil o‘tib, er-xotin yashagan uyda qayta tekshiruv o‘tkazilgan. Oshxona va balkon qismlarida luminol testi orqali qon reaksiyasi aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, Ersin Y. xotini bilan oshxonada janjallashgan, janjal paytida uning boshiga tayoq bilan urib o‘ldirgan. So‘roq davomida Ersin jasadni avval balkonga qo‘yganini, bir kundan keyin ustiga qum sepganini, hid ketmagach esa ohak ishlatganini bildirgan. Keyinchalik jasadni oshxonaga olib kirib, bo‘laklarga bo‘lgan va uchta paketga solib, uydan 50 metr uzoqlikdagi chiqindi konteyneriga tashlagan.

So‘ng ikki farzandini do‘sti Anil Y. bilan Oydin viloyatidan avtobusda Istanbulning Gebze avtovokzaliga kelgan oilasiga topshirgan.

Ersin Y. voqeadan keyin do‘sti Anil Y.ning pasportidan foydalanib, turli shahar va davlatlarga borgan. Bedarak yo‘qolgani haqidagi arizadan so‘ng Tursunboyeva va Ersin Y.ga tegishli SIM-kartalar almashtirilgan va telefon to‘lovlari muntazam to‘lab kelingan.

Joriy yilning 9 mart kuni Gruziyadan chiqib, Artvin viloyatidagi Sarpi chegara punktidan Turkiyaga kirgan Ersin Y. hamda Istanbuldagi do‘sti Anil Y. bir vaqtning o‘zida o‘tkazilgan operatsiyada qo‘lga olingan.

Ersin Y. jinoyat sababini tushuntirar ekan, xotinining opasi Sevara Zohidova unga xotining sobiq sevgilisi bilan aks etgan shaxsiy suratlarini yuborganini, shuningdek, xotini oilali bo‘la turib sobiq sevgilisi bilan uchrashib yurganini da’vo qilgan. Shu sababli ular o‘rtasida boshlangan tortishuv janjalga aylangan va oqibatda u jinoyat sodir etgan.

Boshqa gumondor Anil Y. esa jinoyatdan xabari yo‘qligini, faqat shaxsiy guvohnomasini berganini va bolalarni olib borishda yordam berganini aytgan. So‘roqdan so‘ng Ersin Y. prokuror huzurida jasad tashlangan joyni ko‘rsatgan.

Politsiyadagi tekshiruv yakunlangach, Ersin Y. va Anil Y. Anadolu sudiga topshirilgan.

Turkiyadagi o‘zbekistonlik ayollar bilan bog‘liq jinoyatlar

Avvalroq, Turkiyaning Balikesir viloyatidan 46 yoshli Dilafro‘z Cho‘liyevaning jasadi topilib, O‘zbekistonga qaytarilgandi. Mazkur jinoyatni sodir etishda gumonlanib 4 nafar shaxs qo‘lga olingan bo‘lib, hozirgi vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.

Shuningdek, oldinroq Turkiyaning Istanbul shahri Shishli tumanida chiqindi yig‘uvchi tomonidan axlat konteyneridan o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning jasadi topilgan edi.

Keyinroq mazkur ish doirasida u o‘ldirilgan Umroniyadagi uyda yana bir o‘zbekistonlik ayol – Sayyora Ergashaliyeva ham bo‘laklab o‘ldirilgani aniqlandi.

Bundan tashqari, Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik ayol ozarbayjonlik shaxs tarafidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragandi.  


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Xurriyat Tursunboeva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing