Turkiyalik mashhur tarixchi va yozuvchi Ilber Ortayli vafot etdi
Olam
−
13 mart 1086 3 daqiqa
Bugun, 13 mart kuni Turkiyaning mashhur tarixchi professori, doktor Ilber Ortayli 78 yoshida og‘ir xastalik oqibatida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda “Milliyet” xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, Ortayli sog‘liq bilan bog‘liq muammolar sabab 6 kun davomida intensiv terapiya (reanimatsiya) bo‘limida davolangan. Sog‘lig‘idagi muammolar tufayli u bir muddat Koch universiteti shifoxonasining reanimatsiya bo‘limida kuzatuv ostida bo‘lgan. 78 yoshli Ortaylining ahvoli og‘irlashgani sababli kecha, 12 mart kuni u sun’iy nafas oldirish (intubatsiya) jarayoniga olingan.
Ilber Ortaylining sog‘lig‘idagi muammolar aslida o‘tgan yilning yanvar oyida boshlangan. U prostata bilan bog‘liq muammo sabab shifoxonaga yotqizilgan, operatsiyadan so‘ng ahvoli yaxshilanib, uyiga javob berilgan. Biroq bu jarayon uning immun tizimiga ta’sir qilgan. Shuningdek, olim qandli diabet bilan ham og‘rigan. U haftaning uch kunida diabet bo‘yicha muolaja olib borgan. Prostata kasalligi bilan birga diabet ham uning organizmiga qo‘shimcha yuk bergan va tanasida jiddiy charchoq paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Joriy yil 6 mart kuni sog‘lig‘i yomonlashib, Istanbuldagi Topkapi hududidagi shifoxonaga olib borilgan. Bu ma’lumot dastlab jamoatchilikka oshkor qilinmagan. Keyinchalik bu xabar ma’lum bo‘lib, butun Turkiya aholisida xavotir uyg‘otgan.
Ilber Ortayli
U 1947 yil 21 may kuni Avstriyaning Bregenz shahrida qrim-tatar oilasida tug‘ilgan. Ikki yoshida oilasi bilan birga Turkiyaga ko‘chib kelgan.
Ilber Ortayli 1970 yilda Anqara universitetining Til va tarix-geografiya fakulteti Tarix bo‘limini tamomlagan. Shuningdek, Chikago universitetida magistratura bosqichini tamomlagan. 1974 yilda “Islohotdan keyin mahalliy boshqaruvlar” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan, 1979 yilda esa “Usmonli imperiyasida nemis ta’siri” mavzusidagi tadqiqoti bilan dotsent unvonini olgan.
1982 yilda universitetlarga qo‘llangan siyosiy cheklovlarga norozilik bildirib, lavozimidan iste’fo bergan va keyingi yillarda Vena (Avstriya), Berlin (Germaniya), Parij (Fransiya), Prinston (AQSH) kabi ko‘plab shaharlarda dars va ilmiy ma’ruzalar bergan. 1989 yilda Turkiyaga qaytib, professor bo‘lgan va Anqara universitetida Davlat boshqaruvi tarixi kafedrasiga rahbarlik qilgan. Keyinchalik Galatasaroy va Bilkent universitetlarida faoliyat yuritgan. Vafotidan oldin Istanbul shahridagi Galatasaroy universitetida Turk huquqi tarixidan, MEF universitetida Huquq tarixidan dars bergan.
2005-2012 yillarda Topkapi saroyi muzeyi direktori sifatida ishlagan. U ko‘plab xalqaro ilmiy tashkilotlar a’zosi bo‘lib, bir necha tillarni mukammal biladi. 2004 yilda TRT 2 telekanalida boshlangan va keyinchalik TRT Türk da “Ilber Ortayli ila” nomli hujjatli dasturi olib borgan. NTV kanalida “Ilber Ortayli bilan tarih darslari” dasturini tayyorlagan. 2024 yil oktyabr oyidan boshlab TV100 kanalida dastur olib borgan.
Maqolalari va kitoblari
2000 yildan “Milliyet” gazetasida, shuningdek, “Atlas Tarih” va “Doğu Batı” jurnallarida chiqishlar qilib kelgan. Bir muddat “Popüler Tarih”, “Tarih ve Toplum” jurnallarida va “Habertürk” gazetasining tarixiy ilovasida ham maqolalari chiqib turgan. 2000 yilda uning “Usmoniylar imperiyasida iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlar” nomli kitobi nashr etilgan. Kitob 52 ta maqoladan iborat bo‘lib, Usmonli davridagi iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlar, shaharlar, boshqaruv, din, Rossiya–Turkiya va Avstriya–Usmonli munosabatlari hamda modernizatsiya mavzularini qamrab oladi. Uning kutubxonasida taxminan 30 ming kitob bor, shundan 5 mingini Galatasaroy universitetiga sovg‘a qilgan.
Live
Barchasi