Turkiyadagi harbiy baza hujumga uchradimi?

Olam

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Turkiyadagi AQSH harbiy bazasi hujumga uchragani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur xabarlar yuzasidan Turkiya Aloqa vazirligining Dezinformatsiya bilan kurash markazi munosabat bildirdi.

Markaz bayonotida aytilishicha, Turkiyada hech qanday xorijiy davlatga tegishli harbiy baza mavjud emas. Mamlakatning havo hududi, yer maydoni, dengiz hududlari va harbiy ob’ektlari to‘liq suverenlik va nazorat ostida.

“Mamlakatimizga qarshi hech qanday hujum bo‘lmadi. Turkiyani mintaqaviy mojaro ishtirokchisiga aylantirishga urinayotgan xabarlar aniq dezinformatsiyadir”, deyiladi bayonotda.

Markaz, shuningdek, Anqara mudofaa va xavfsizlik tizimi barcha tarkibiy qismlari bilan to‘liq ishchi holatida ekanini, voqealarni tegishli tashkilotlar tomonidan real vaqt rejimida kuzatib borilayotganini bildirgan.

Bundan tashqari, asossiz xabarlarga ishonmaslik va faqat rasmiy bayonotlarga e’tibor qaratish so‘ralgan.

Qolaversa, O‘zbekistonning Turkiyadagi Istanbul Bosh konsulxonasi ham mazkur xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, voqea Turkiya hududi bilan bog‘liq emasligini qayd etgan.

“Blogerlar, ijtimoiy tarmoq faollari va ommaviy axborot vositalari vakillaridan axborotni e’lon qilishdan avval uning ishonchliligini bir necha mustaqil manbalar orqali tekshirish, rasmiy ma’lumotlarga tayanish hamda imkon qadar aniq manbani ko‘rsatgan holda yoritishlarini so‘raymiz”, deyiladi konsulxona xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Adana Bosh prokuraturasi AQSH va Isroil Eronga zarbalar berayotgan paytda “Injirlik” havo bazasidagi harakatlarni jonli efirga uzatgan “Anka” axborot agentligi bosh muharriri Kenan Shenerning hibsga olinishi bo‘yicha qaror chiqargandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Turkiya harbiy bazasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing