Turkiyalik erkak o‘zi bilmagan holda dunyoning eng boy insonlaridan biriga aylandi

Olam

image

Turkiyaning sharqidagi Van shahrida istiqomat qiluvchi 32 yoshli Ahmad Jahongard Takaloning bank hisoblariga kutilmaganda va sababi tushuntirilmagan holda taxminan 1 trillion turk lirasi kelib tushdi. Bu haqda “Onedio” xabar berdi.

Mazkur mablag‘ hisobidan uning balansdagi umumiy mablag‘i qariyb 21,8 milliard dollarga yetgan. Bu esa uni amalda dunyoning eng boy insonlari qatoriga kiritadi. Biroq bank tomonidan qo‘yilgan cheklov sababli Takalo bir oydan buyon o‘z hisoblaridan foydalana olmayapti.

NTV telekanali xabariga ko‘ra, asli ozarbayjonlik bo‘lgan va qariyb 10 yildan beri Turkiyada yashayotgan Takalo supermarketda bank kartasi orqali to‘lov qila olmagach, muammoning sababini aniqlash uchun bank bo‘limiga murojaat qilgan.

Hisoblar tekshirilganda uning balansida aniq 999 milliard 999 million 999 ming 999 lira va 99 qurush mavjudligi ma’lum bo‘lgan.

“Bu pullar qayerdan paydo bo‘lganini mutlaqo bilmayman”, degan Takalo.

Vaziyatning noodatiy ekani sababli erkakning barcha hisoblari muzlatilgan va holat yuzasidan tekshiruv boshlangan.

Takaloning aytishicha, u bankdan vaziyat bo‘yicha izoh so‘ragan, biroq tekshiruv hali davom etayotgani sababli unga batafsil ma’lumot berilmagan.

U, shuningdek, chorasizlikdan sun’iy intellektdan ham maslahat so‘raganini aytgan. Neyrotarmoq unga bunday miqdordagi mablag‘ evaziga yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish yoki katta hajmda oltin zaxiralarini sotib olish mumkinligini bildirgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Ahmad Jahongard Takalo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing