O‘FA 7 ta klubni qattiq jazolamoqchi

Sport

image

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 7 ta klubni jazolashi, ular qatoridagi “Navbahor” va “Neftchi” hisobidan 3 ochko olib tashlashi mumkin. Bu haqda assotsiatsiya matbuot xizmati xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, bir nechta klublar qo‘mita qarorlarida belgilangan majburiyatlarga zid harakatlarni amalga oshirgan. O‘FA tomonidan Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitasida qabul qilingan qarorlar ijrosi tahlil qilindi. Qo‘mita qarorlariga muvofiq, klublarga qarzdorliklarni muddat belgilab, to‘liq bartaraf etish majburiyati yuklatilgan.

“Navbahor”, “Neftchi”, “Andijon”, “Xorazm”, “Buxoro”, “Qumqo‘rg‘on-1977“, TerDU futbol klublari qo‘mita qarorlarida belgilangan majburiyatlarni to‘liq bajarmasdan kelayotgani aniqlandi.

Mazkur futbol klublari qarzdorlikni belgilangan muddatda bartaraf etmagani uchun ularga nisbatan jarima intizom choralari qo‘llangan bo‘lsa-da, shundan keyin ham qarzdorlikni bartaraf etmasdan kelmoqda”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, assotsiatsiya yuqorida sanab o‘tilgan 7 ta jamoaga nisbatan og‘ir jazo choralarini ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

“2025 yil 3 noyabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining tegishli qo‘mitasida mazkur futbol klublariga nisbatan og‘irroq intizomiy jazo choralarini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqiladi.

Bunda, “Navbahor” va “Neftchi” futbol klublariga nisbatan O‘zbekiston Superliga chempionatida to‘plangan ochkolaridan 3 ochko olib tashlash (uch ochkodan mahrum qilish) hamda qishki transfer oynasida xalqaro va milliy darajada yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga taqiq qo‘yish, shuningdek, “Andijon”, “Xorazm”, “Buxoro”, TerDU klublariga ham qishki transfer oynasida xalqaro va milliy darajada yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga taqiq qo‘yish, “Qumqo‘rg‘on-1977” futbol klubini esa musobaqadan chetlashtirish choralarini qo‘llash masalalari kun tartibidan o‘rin oladi”, deya qo‘shimcha qilindi rasmiy bayonotda.

Jahongir Inomjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'FA Navbahor Neftchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing