O‘FA Berdiyevning gaplari yuzasidan surishtiruv o‘tkazadi
Sport
−
29 Oktabr 16184 2 daqiqa
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) “Nasaf” klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyevning OKMK hamda “Nasaf” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinidan keyin bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv o‘tkazadi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 26 oktyabr kuni O‘zbekiston Superligasi 26-tur doirasida o‘tkazilgan OKMK hamda “Nasaf” jamoalari o‘yinidan so‘ng bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Nasaf “ klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyevning bildirgan fikrlari futbol jamoatchiligi orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Chempionatning 26-turigacha peshqadamlikni saqlab kelayotgan qarshiliklar Olmaliqdagi durrangdan so‘ng Farg‘onaning “Neftchi” jamoasiga turnir jadvalida birinchi o‘rinni berib qo‘ydi. Chempionat yakuniga kelib bu holatning kuzatilishi va yakunda “Neftchi” chempionlikni qo‘lga kiritishi mumkinligi haqida Ro‘ziqul Berdiyev fikr bildirgan.
“Neftchi”ning qanchalik harakat qilayotganini sizlar OAV vakillari ham bilib turibsizlar. “Neftchi” ushbu vazifani amalga oshirsa, ortdagi insonlar qahramon bo‘ladi, shekilli. Menimcha, gapimni tushundingiz. Agar “Neftchi” chempion bo‘lsa, qahramonlarni maydondan izlash kerak emas. Ular maydon ortida bo‘ladi. Bu mening fikrim”, degan “Nasaf” ustozi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mazkur holat yuzasidan o‘rganish va surishtiruvlarni o‘tkazadi hamda unga huquqiy baho beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Navbahor”ning sobiq bosh murabbiyi Sergey Lushan Superliga 22-turi doirasida “Buxoro”ga uchralgan yirik mag‘lubiyatdan so‘ng matbuot anjumanida ayrim futbolchilarining harakatlari shubhali tuyilgani haqidagi fikrlar yuzasidan O‘zPFL surishtiruv o‘tkazishi haqida xabar berilgan edi.