Ugandada mikroavtobus va fil to‘qnashib ketdi. Qurbonlar bor
Olam
−
09:39 1783 1 daqiqa
Ugandada yo‘lda ketayotgan mikroavtobus fil bilan to‘qnashib ketishi oqibatida kamida uch kishi halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 24 may kuni kechqurun mamlakat shimoli-g‘arbida joylashgan Murchison-Fols milliy bog‘ida sodir bo‘lgan. To‘qnashuv oqibatida yana to‘rt kishi jarohat olgan.
Politsiyaning bildirishicha, mikroavtobusda Uganda Soliq boshqarmasining yetti nafar xodimi bo‘lgan. U Arua shahridan poytaxt Kampalaga qaytib ketayotgan vaqtda fil bilan to‘qnashgan. Jarohatlanganlar avval mahalliy shifoxonaga, keyinroq esa davolanish uchun Kampalaga olib ketilgan.
Rasmiylar filning ahvoli haqida ma’lumot bermagan. Uganda Yovvoyi tabiat boshqarmasi haydovchilarni yo‘lni kesib o‘tayotgan hayvonlarga e’tiborli bo‘lishga chaqirgan.
“Qo‘riqlanadigan hududlar orqali harakatlanayotgan haydovchilar ehtiyotkorlik bilan yurishlari kerak, chunki yovvoyi hayvonlar tez-tez yo‘llarni kesib o‘tadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstriya shimolidagi Shmittenxyoe tog‘lari yaqinida paraplanchi va kichik samolyot havoda to‘qnashib ketgan edi.
Live
Barchasi