O‘qituvchilarning maoshini ming dollarga yetkazamiz degan gaplarim haqiqatga aylandi – Prezident

Jamiyat

image

Bugungi kunda O‘zbekistonda o‘z ustida ishlagan 60 mingdan ortiq o‘qituvchi 10-12 million so‘m maosh olmoqda. Bu haqda bugun, 9 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.

“Iqtisodiyot rivojlanishi, yurtimiz va farzandlarimiz kelajagi faqat va faqat ta’lim va muallimga bog‘liq. Sizlar bilan ish boshlagan birinchi kundan aytaman: ta’lim, ta’lim, ta’lim, muallim, muallim, muallim”, deydi davlat rahbari. 

Qayd etilishicha, yig‘ilishda o‘qituvchiga munosib sharoit yaratish, bog‘cha, maktab qurish, jihozlash, chetdan mutaxassis olib kelish, zamonaviy darslik va o‘quv dasturlarini joriy qilish bo‘yicha juda ko‘p sharoitlar yaratilgani va bu yana davom ettirilishi ta’kidlangan.

“Lekin har bir tuman, viloyat hokimi, biz farzandlarimizni ishonib topshirgan bog‘cha, maktab, texnikum, oliygoh rahbarlari bir haqiqatni aniq bilishi zarur. Odamlarimiz yaxshi yashashi uchun iqtisodiyotimiz kuchli bo‘lishi kerak! Buning uchun yangi tovar, yangi xizmat, yangi texnologiya kerak! Sifatli ta’lim tizimi orqaligina bularga erisha olamiz! Boshqa yo‘limiz yo‘q! Shu haqiqatni anglab, har kuni o‘zini qiynab ishlagan rahbarning tumanida, bog‘chasi, maktabi, texnikumi, oliygohida albatta o‘zgarish va natija bo‘ladi!” deydi Prezident.

Bildirilishicha, yig‘ilishda jalb qilinayotgan investitsiyalarga, yangi ochilayotgan korxonalarga yarasha munosib kadr ham tayyorlanishi lozimligi qayd etilgan. O‘tgan davrda o‘qituvchilarning oyligiga qo‘shimcha 10 dan ziyod ustamalar joriy qilingan. 

“E’tibor bering, bugun o‘z ustida ishlagan 60 mingdan ortiq o‘qituvchi 10-12 million so‘m maosh olyapti. Bu qachon bo‘lgan?”deydi Prezident.

Joriy oydan boshlab maktab direktorlari, bog‘cha mudiralari va ularning o‘rinbosarlari oyligi ham 10 million so‘mdan oshdi. Yangi baholash tizimiga o‘tgan 1,5 ming maktabning 300 tasi ijobiy natija ko‘rsatgani uchun butun jamoasi 40 foizgacha ustama oladi.

“Men xalqimizga vaqti kelib o‘qituvchilarning maoshini ming dollarga yetkazamiz degan gaplarim mana uch yil ichida haqiqatga aylandi”, deydi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda maktab ta’limini 12 yillik tizimga o‘tkazilishi kutilayotgani xabar qilingan edi. Bu tashabbus kecha, 8 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishganidan so‘ng davlat rahbari tomonidan ma’qullangan.


Maqola muallifi

Teglar

O'qituvchilar maoshi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing