Ukraina Isroilni o‘g‘irlangan g‘allani sotib olishda aybladi

Olam

image

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Isroil Rossiya tomonidan urush paytida egallab olingan hududlardan sotish uchun olib chiqilgan g‘alla yuklangan ikkita kemani qabul qilganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.

U yahudiy davlatini bunday kemalarning o‘z portlarida yuk tushirishiga ruxsat bermaslik haqida ogohlantirgan. 

“Ukraina va Isroil o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar har ikki davlat uchun ham foyda keltirish salohiyatiga ega va Rossiyaning o‘g‘irlangan Ukraina g‘allasi bilan noqonuniy savdo qilishi bu aloqalarga putur yetkazmasligi kerak”, deydi Sibiga. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, Kiyevning Xayfaga borgan birinchi kema bo‘yicha so‘rovi e’tiborsiz qoldirilgan, shu sababli TIV Isroil elchisini chaqirtirib, unga norozilik notasi va chora ko‘rish haqidagi iltimosni topshirgan.

Bunga javoban Isroil Tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Ukraina o‘z ayblovlari uchun yetarli dalillar taqdim etmaganini aytgan va davlatlar o‘rtasidagi diplomatiya OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali olib borilmasligini ta’kidlagan. Shu bilan birga, u masala ko‘rib chiqilishiga va’da bergan. Shundan so‘ng Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “barcha normal mamlakatlarda o‘g‘irlangan narsani sotib olish” huquqiy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatib o‘tgan. 

“Bu, xususan, Rossiya tomonidan o‘g‘irlangan g‘allaga ham tegishli... Isroil rasmiylari mamlakat portlariga qaysi kemalar va qanday yuk bilan kelayotganini bilmasligi mumkin emas”, deydi Zelenskiy.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina o‘g‘irlangan g‘allani bevosita tashiyotganlarga va bunday “jinoiy sxemadan daromad olishga urinayotganlarga” qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda. Yevropa Ittifoqida ham ushbu savdoga aloqador Isroil rasmiylari va tashkilotlariga nisbatan cheklovlar joriy etish imkoniyati o‘rganilayotgani xabar qilingan.

“VesselFinder” ma’lumotlariga ko‘ra, avvalroq Xayfa portiga “Kavkaz” portidan (Krasnodar o‘lkasi) Panama bayrog‘i ostidagi “Panormitis” kemasi 6,2 ming tonna bug‘doy va 19 ming tonnadan ortiq arpa bilan borgan. Isroil OAV manbalari va ukrainalik jurnalistlar ushbu partiya Kerch va Berdyanskdan olib chiqilgan bo‘lishi mumkinligini da’vo qilmoqda.

Ukraina Tashqi razvedka xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya bosib olingan hududlarda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘z eksporti sifatida sotmoqda. Faqatgina 2025 yilning o‘zida shu yo‘l bilan 2 million tonnadan ortiq g‘alla olib chiqilgan bo‘lishi mumkin. 

“Sanksiyalarni aylanib o‘tish uchun Rossiya “Kavkaz” portidagi yuk o‘tkazish punktida to‘plovchi kemalarni jalb qilgan holda “ship-to-ship” (kemadan kemaga) sxemasidan foydalanmoqda. Bu g‘allaning haqiqiy kelib chiqishini yashirish imkonini beradi”, deya qayd etadi razvedka.

Isroilning “Haaretz” nashri manbalari bunday yetkazib berishlar tizimli xususiyatga ega ekanini tasdiqlamoqda. Faqatgina joriy yilning o‘zida mamlakatda o‘g‘irlangan Ukraina g‘allasining to‘rtta partiyasi tushirilgan. Shu kabi mahsulot yuklangan yana bir kema 26 aprel kuni ertalab Xayfaga yetib borgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya rasmiylari tomonidan bosib olingan Ukraina portlarida yuritilayotgan hujjatlarda 30 dan ortiq yuk partiyalarining manzili sifatida Isroil ko‘rsatilgan.

Kreml Ukraina va Isroil o‘rtasidagi g‘alla yetkazib berish bo‘yicha nizoga izoh berishdan bosh tortgan. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya “bu ishga aralashish niyatida emasligini” ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Isroil g'alla

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing