Rossiyada 9 may paradida harbiy texnikalar qatnashmaydi – OAV
Olam
−
15:22 3668 2 daqiqa
Rossiya rasmiylari joriy yil 9 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tadigan an’anaviy G‘alaba paradi marosimini sezilarli darajada qisqartirishi mumkin. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, rossiyalik elitalar haqidagi “Souchastniki” kitobi muallifi, jurnalist Aleksandra Prokopenko ma’lum qildi.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, bu yilgi parad harbiy texnikalarsiz o‘tishi mumkin: Qizil maydon bo‘ylab faqat piyoda kolonnalar marsh bilan o‘tadi. Parad mehmonlari soni an’anaviy bir necha ming kishidan bir necha yuz kishigacha qisqaradi, butun marosim esa bir soatdan kamroq vaqt olishi mumkin. Prokopenkoning yozishicha, propaganda bu dastlabki reja bo‘lganini va paradning qisqartirilishi dronlar xavfi bilan bog‘liq emasligini iddao qiladi.
Bundan oldin Z-blogerlar an’anaviy parad butunlay bekor qilinishi mumkinligi haqida xabar bergan. “Fighterbomber” kanali muallifi Ilya Tumanov aprel oyi boshida paradning havo qismi mashg‘ulotlari bekor qilinganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mashg‘ulot 5 aprelda bo‘lishi kerak edi, biroq harbiylar “maxsus ko‘rsatma bo‘lgunga qadar” doimiy dislokatsiya punktlariga qaytish haqida buyruq olgan.
Shuningdek, bu yil Moskvada odatda 9 maydan kamida ikki hafta oldin boshlanadigan birinchi mashg‘ulot hali e’lon qilinmagan. Odatda mashg‘ulotlar Moskva viloyatidagi “Alabino” poligonida boshlanadi, aprelning 20-sanalariga kelib Moskva transport departamenti parad mashg‘ulotlari sababli yo‘llar yopiladigan sanalarni e’lon qilardi va yo‘llarga maxsus belgilar chizilardi. Biroq bu yil 27 aprelga qadar bu ishlarning birortasi amalga oshirilmagan.
Mart oyi oxirida Kreml paradning bosh mashg‘uloti 7 mayda bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgan. 27 aprel kuni Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putinning yoniga paradga keladigan xorijiy yetakchilar nomini ayta olmagan.
“Keyinroq xabar beramiz”, deb va’da bergan Peskov.
Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov Putinning mehmonlari bir nechta xorijiy siyosatchilar bo‘lishini aytgan, lekin ismlarini ochiqlamagan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 9 may kuni Moskva shahrida Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan katta parad bo‘lib o‘tgandi. Unda dunyoning ko‘plab nuqtalaridan siyosat vakillari, davlat rahbarlari va hukumat vakillari ishtirok etgan edi.
Live
Barchasi