Ukraina Putinning qarorgohiga hujum qilmagan – MRB
Olam
−
01 yanvar 4684 2 daqiqa
AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB, CIA) Ukrainani Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Novgorod viloyati – Valdaydagi qarorgohiga hujum qilishga uringan, deb hisoblamaydi. Bu haqda kecha, 31 dekabr kuni o‘z manbalariga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
MRB xulosasiga ko‘ra, 29 dekabrga o‘tar kechasi ukrain dronlari Putinning qarorgohi joylashgan hudud bilan bir mintaqadagi harbiy ob’ektga zarba berishga uringan, biroq ushbu ob’ekt qarorgohga yaqin joylashmagan.
Nashrning yozishicha, AQSH razvedkasi Rossiya havo hududini va uning hududiga uyushtirilayotgan hujumlarni sun’iy yo‘ldoshlar va radarlar orqali kuzatish imkoniyatiga ega.
MRB direktori Jon Retkliff razvedka xulosalarini AQSH Prezidenti Donald Trampga yetkazgan. Oradan ko‘p o‘tmay, Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida “New York Post” gazetasining tahririy maqolasiga havola e’lon qilgan. Unda Ukraina Putinning qarorgohiga zarba bermagani aytilgan. Tramp ushbu havolani maqola sarlavhasi – “Putinning “hujum” haqidagi shov-shuvli bayonotlari aynan Rossiya tinchlikka to‘sqinlik qilayotganini ko‘rsatadi” bilan birga joylashtirgan.
MRB bu borada izoh berishdan bosh tortgan.
Moskva esa Ukrainaga tegishli 91 ta uchuvchisiz uchish apparati Valdaydagi Putinning qarorgohiga hujum qilishga uringanini da’vo qilmoqda. Rossiya Prezidenti bu haqda 29 dekabr kuni Donald Tramp bilan bo‘lgan telefon suhbatida aytgan. Shundan so‘ng, Tramp jurnalistlarga “juda g‘azablanganini” va hozir “buning uchun mos vaqt emasligini” bildirgan. Ukraina Putinning qarorgohiga hujum qilishga uringanini rad etgan. Ukraina TIV esa Ukraina Qurolli kuchlari “Rossiyaning Ukrainaga qilgan zarbalariga javoban Rossiya hududidagi faqat qonuniy harbiy ob’ektlarga zarba berishini” ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilib, aytilayotgan ushbu hujum qilishga urinishni qoralagan edi.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025