Ukraina va AQSH Shveysariyada tinchlik rejasini muhokama qiladi
Olam
−
22 noyabr 2124 2 daqiqa
Ukraina va AQSH Rossiya bilan mojaroni hal etish bo‘yicha tinchlik rejasini muhokama qilish uchun Shveysariyada uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustam Umarov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Yaqin kunlarda Shveysariyada Ukraina va AQSHning yuqori martabali rasmiylari o‘rtasida kelajakdagi tinchlik kelishuvining ehtimoliy parametrlari bo‘yicha maslahatlashuvlarni boshlaymiz”, deb yozgan Umarov.
Shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning saytida AQSH va boshqa xalqaro hamkorlar, shuningdek Rossiya Federatsiyasi vakillari bilan adolatli va barqaror tinchlikka erishish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etadigan delegatsiya tarkibi e’lon qilingan. Uni Zelenskiy tasdiqlagan.
Ukrainadan muzokaralarga quyidagilar boradi:
- Ukraina Prezidenti ofisi rahbari, delegatsiya boshlig‘i Andrey Yermak;
- Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) kotibi Rustam Umarov;
- Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanov;
- Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Andrey Gnatov;
- Tashqi razvedka xizmati rahbari Oleg Ivashenko;
- Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sergey Kislitsa;
- MXMK kotibining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Ostryanskiy;
- Xavfsizlik xizmati raisining o‘rinbosari Aleksandr Poklad;
- Prezident administratsiyasi rahbari maslahatchisi Aleksandr Bevz.
Ma’lumot uchun, AQSH Prezidenti Donald Trampning rejasi 28 banddan iborat. Uni Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff Rossiya Prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev bilan maslahatlashgan holda ishlab chiqqan. Kiyev bu hujjatni Kreml uchun juda qulay, deb hisoblaydi. Xususan, reja Rossiya bosib ololmagan Donbass hududlarining topshirilishini, Ukraina Qurolli kuchlarini qisqartirishni, NATOga kirishdan voz kechishni va mamlakat hududida alyans qo‘shinlarini joylashtirishni taqiqlashni nazarda tutadi. Rossiya uchun esa bosqichma-bosqich sanksiyalarni bekor qilish, G8 formatini tiklash va harbiy jinoyatlar uchun amnistiya taklif qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Zelenskiy Ukraina xalqi uchun 10 daqiqalik murojaat yo‘llab, AQSH taklif etgan urushni tugatish bo‘yicha tinchlik rejasi yuzasidan o‘z fikrini bildirgandi. U mamlakat og‘ir davrni boshdan kechirayotganini qayd etgan. Shuningdek, Vladimir Putin ham Donald Tramp tomonidan Vladimir Zelenskiyga taklif qilingan urushni tugatish rejasi haqida izoh bergandi.
AQSH Prezidenti esa Zelenskiy uning tinchlik rejasini ma’qullashiga to‘g‘ri kelishini aytdi. Tramp Ukraina kelishuvga rozi bo‘lishi uchun joriy yilning 27 noyabrini yakuniy muddat sifatida belgilagan.
Live
Barchasi