Ukrainada urushda qatnashgan 50 yoshli “O‘zbek” qamaldi

3-sahifa

image
Rossiya endi urushga borgan migrantlarni deportatsiya qilishni to‘xtatmoqchi north_east

Rossiya endi urushga borgan migrantlarni deportatsiya qilishni to‘xtatmoqchi

Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan urushida qatnashgan 50 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Namangan viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudining joriy yil 15 oktyabrdagi hukmi bilan 3 yil 1 oy muddatga qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1975 yilda tug‘ilgan mazkur shaxs 2012 yilda ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasining Qozon shahriga borib, 2013 yilda yashash xonadoniga qaytib kelgan. U 2024 yil 10 noyabr kuni yana ishlash uchun Rossiyaga ketadi, bu safar u Ivanova shahriga borib, u yerdagi “Tekstilniy XBK” nomli korxonada usta bo‘lib ishlab, 2025 yil 4 aprel kuni uyiga qaytadi. Uning O‘zbekistonga qaytib kelishi asosiy sababi Rossiya Federatsiyasi Qurolli quchlari safida Ukraina davlatiga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etish istagi borligini oilasiga bildirib, ular bilan xayrlashish bo‘lgan. Biroq uyiga kelgach, u bu haqida oila a’zolariga aytmagan.

Oradan ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i, 10 aprel kuni o‘zbekistonlik erkak yana Rossiyaga qaytadi va 15 aprel kuni moddiy boylik orttirish maqsadida Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolaydi. U Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari tarkibida “oddiy askar” harbiy unvonini olib, “haydovchi-chilangar” lavozimida, shartli “O‘zbek” “pozivnoy”i ostida xizmat qilishga kirishadi. Erkak 2025 yil 20 aprel kunidan Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi tarkibida harakatlangan holda, Lugansk shahrida joylashgan harbiy lagerda 2 hafta davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, 2025 yil 5 may kuni jangovar harakatlarda ishtirok etishga yuboriladi.

9 may kuni Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etish davomida o‘zbekistonlik erkak  mina portlashi oqibatida chap oyog‘idan yaralanadi. 5 iyun kuniga qadar harbiy gospitalda davolanib, 2025 yil 6 iyun kuni harbiy tibbiy komissiya tomonidan vaqtincha harbiy xizmatga yoroqsiz, deb topiladi va unga reabilitatsiya uchun 2025 yil 7 iyun kunidan 6 iyul kunga qadar, ya’ni 30 sutka ta’til beriladi.
Ta’til davomida, erkak o‘z harakatlarining oqibatini anglab, 2025 yil 4 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasiga qaytib kelgan va o‘z ihtiyori bilan yuqoridagi holatlar bo‘yicha huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan. 

Tergov harakatlari davomida, ushbu shaxs Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi tomonidan Qurolli kuchlar safiga yollanganligi uchun 1 mln rubl (taxminan 151 mln so‘m) miqdorda pul mablag‘ini olgani, mazkur mablag‘ning bir qismini o‘z ehtiyojlari uchun, qolgan qismini Rossiya Federatsiyasi hududida davolanish uchun ishlatgani aniqlangan.

E’tiborli tomoni shundaki, Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan “Xochu jit” (“Yashashni xohlayman”) loyihasi tomonidan e’lon qilingan Rossiya-Ukraina urushida ishtirok etgan o‘zbekistonlik shaxslar ro‘yhatida 50 yoshli ushbu sudlanuvchining ism-sharifi ham bor.

Sud ayblanuvchini O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (“Yollanish”) va 154-1-moddasi 1-qismi (“Chet davlatning harbiy, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya yoki shunga o‘xshash tuzilmalariga xizmatga kirish – yollanish”) bo‘yicha aybdor deb topdi va  unga nisbatan uzil-kesil 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq 2023 yilda Rossiya armiyasiga shartnoma asosida yollangan namanganlik 55 yoshli erkak R.K. 2 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. U Rossiya Qurolli kuchlari safida “mashinist mexanik” bo‘lib, shartli “Ded” “pozivnoy”i ostida xizmat qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina urush O'zbek

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing