Olmazorda daraxt qirg‘ini. Prezident qarori mensilmaydimi?

3-sahifa

Toshkentda yana “qirg‘in”. Daraxtlar qani? north_east

Toshkentda yana “qirg‘in”. Daraxtlar qani?

Endigina ekologik masalalar kun tartibidan tushib borayotgan, O‘zbekistonda havo sifati asta-sekin yaxshilanib, odamlarning o‘pkasi nihoyat toza havodan to‘yina boshlagan, qolaversa, daraxtlarni kesishga qaratilgan moratoriy amalda saqlanib qolgan bir paytda yana daraxtkushlik holatlari kuzatildi. Yana Olmazorda!

Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxt Toshkentning Olmazor tumanida joylashgan 20-oilaviy poliklinika hududida 10 dan ortiq daraxtlar kesilayotgani aks etgan videfaktlar tarqaldi. Jamoatchilikda keskin norozilik uyg‘otgan mazkur holat yuzasidan QALAMPIR.UZ aniqlik kiritish maqsadida video muallifi bilan bog‘landi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur hudud o‘tgan yillargacha ko‘kalamzor, uning atrofida yashaydigan qavatli uylar aholisi uchun nafas rostlaydigan yashil makon bo‘lgan. Biroq, poliklinikada ta’mirlash ishlari boshlanganidan so‘ng, qurilish chiqindilari hududga tashlab ketilgan va atrof-muhit izdan chiqqan. Fuqaro ayniqsa, chang ko‘tarilgan paytlarda aynan shu daraxtlar havoni saqlab turganini bildirgan. 

Bundan bir necha oy avval aynan shu hududda poliklinikada olib borilayotgan ta’mirlash ishlarida chiqqan chiqindilar binoning yuqori qavatidan pastga uloqtirilib, hududda katta chiqindilar uyumi paydo bo‘lgani videosi tarqalgan edi. 

“Yozda oynamiz shu tarafga qaragani uchun salqin shabboda esardi, keyin bular ikki yil davomida rekonstruksiya deb, atrofni axlatga to‘ldirib tashlashdi. Bu yil yoz oylarida axlatni olib chiqazdik, mutasaddilar kelib jarima soldi, prokuratura, ichki ishlar bosib atrofni yig‘ishtirishdi. Undan keyin bu muammo boshlandi. Tez yordam uchun turargoh qilamiz, deb daraxtlarni kesishga tushishdi. Ta’mirlash paytida ham daraxtlarga emulsiya sepishgan. Biz tepadan ko‘rib qolganimiz va baqir-chaqir bo‘lgandan keyin ustalar g‘oyib bo‘ldi. Kuni kecha yana o‘rmalab qolishdi, bugunning o‘zida 10 dan ortiq daraxt kesildi. Ular orasida mevali va mevasiz daraxtlar bor. Ammo, mas’ullar ular qurigan, degan vajni ko‘rsatdi. Baraka topgur, o‘imlik dunyosi qishda uyquga ketadi. Daraxtlar qurimagan edi, ular barg to‘kkan, xolos, videoda ham ko‘rinib turibdi. Biz ekologiya qani, xat-hujjatlaring qani desak, tuman ekologiyasi, botanika bog‘idan ruxsatnoma bor, deyildi. Ammo hech qanday hujjat ko‘rsatilgani yo‘q. Hozir ildizlari ham qolmagan, noqonuniy harakatlarini yopdi-yopdi qilish uchun ekskavator chaqirib ildizlari bilan qo‘porib ketishdi. Bu yerda ekologiyaga emas, qurilishga aloqador odamlar turibdi”, deydi mahalla turg‘uni. 

Qo‘shimcha qilinishicha, hudud aholisiga daraxtlarni kesish sabablari bo‘yicha hech qanday rasmiy tushuntirish berilmagan. Dastlab ishlar jimgina amalga oshirilgan, video tarmoqqa chiqqach, aholi bilan hisoblashishga urinishlar, harakatlarni xaspo‘shlash kuzatilgan.

“Sizlar ro‘yxat qilganmisizlar, o‘rniga daraxt ekmoqchi ekansizlar, obodonlashtirmoqchi ekansizlar. Nechta daraxt kesdingiz, degan savol bilan murojaat qilsam, to‘rtta deb yolg‘on javob qilindi. Vaholanki, men kesilgan 10 ta daraxtni videoga olib bo‘lgan edim”, deydi u.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 19 noyabrida qabul qilingan “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga muvofiq, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari mahalliy hokimiyat tuzilmasiga kirmaydi va o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan boshlab ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qonun talablariga rioya etmasdan ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan har qanday hujjatlarni qabul qilish, jumladan, davlat ekologik ekspertizasi xulosasini berish, daraxt va butalarni kesish yoki ko‘chirishni nazarda tutuvchi qarorlar chiqarish qat’iy taqiqlanadi. Biroq, bu degani qonun kuchga kirgunga qadar istaganini qilishni, daraxtlarni tagi bilan qirib tashlash va bu bo‘yicha hisob bermaslikni anglatmaydi.

Holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama va norozilikka sabab bo‘lganidan so‘ng, Olmazor tuman hokimligi rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, poliklinika hududidagi ayrim daraxtlar qurigan yoki kasallangan bo‘lgan va tuman obodonlashtirish bo‘limi agronomlari xulosasi asosida belgilangan tartibda kesilgan. Sog‘lom daraxtlar esa kesilmasdan, maxsus texnika yordamida hududning boshqa qismiga ko‘chirilgan. Biroq, hokimlik doimgidek o‘z bayonotiga daraxtlarning qurigan yo kasallangani haqidagi agronomlar xulosasini ilova qilmagan. Hujjat bilan tanishish imkoni yo‘q. 

Bayonotda qo‘shimcha qilinishicha, hududda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilishi va 300 dan ortiq ko‘p yillik manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan. Biroq, hokimlikning oqlov bayonotida necha daraxt ko‘chirilgani, qanchasi kesilgani bo‘yicha aniq raqamlar va dalillar keltirilmagan.

E’tiborli jihati shundaki, joriy yilning 7 oktyabr kuni Olmazor tumanidagi “G‘afur G‘ulom” metro bekati yaqinida ham sog‘lom daraxtlar kesilgani qayd etilgan edi. 17 dekabr kuni esa Beruniy ko‘chasida daraxtlarning belgilangan tartib-qoidalarga zid ravishda noqonuniy kesilgani aniqlangan.

Bu esa Olmazor tumanida daraxtlarni asrash masalasi hali ham dolzarbligicha qolayotganini, hokimlik jamoatchilikning fikrlarini inobatga olmayotgani, Prezident tomonidan e’lon qilinayotgan moratoriyni mensimayotgani, jamoatchilik nazorati esa har qachongidan ham zarur ekanini ko‘rsatadi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Olmazor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing