Urushni 1 kunda tugatishini aytgan Tramp va’dasini bajarishga yana urinib ko‘ryapti. Bu gal biror natija bo‘ladimi?

Tahlil

image

AQSHning amaldagi rahbari Donald Tramp inaugratsiya qilganiga mana 300 kundan oshdi, ammo 24 soat ichida tugatilishi va’da qilingan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush hanuz davom etib kelmoqda. Har ikki tomonga ham birdek ma’qul keluvchi qandaydir kelishuv o‘ylab topish Tramp tasavvur qilgandan ancha murakkab ekani barchaga ayon bo‘ldi. O‘tgan vaqt davomida bir necha bor murosa yo‘lini ham, tahdid yo‘lini ham qo‘llab ko‘rgan AQSH Prezidenti Rossiya ma’muriyatini otashkesimga kelishga unday olmagandi.

Biroq Donald Tramp hali to‘xtagani yo‘q. “Bir kunda bo‘lmasa, bir yilda” qabilida harakat qilayotgan Tramp ma’muriyati navbatdagi tinchlik rejasini tomonlarga taklif qildi. Joriy yilning 20 noyabr kuni e’lon qilingan 28 banddan iborat yanggi reja qolganlariga nisbatan Moskva ma’muriyatini ko‘proq yoqlayotgani jiddiy munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Internetda “Tramp Kiyevdan taslim bo‘lishni talab qilyapti” mazmunidagi izohlar virus kabi tarqalmoqda, Yevropa norozi, ukrain xalqi norozi, ammo Tramp Ukraina uchun bundan boshqa yo‘l yo‘qligini iddao qilmoqda. Berilgan va’dani bajarish yo‘lida AQSH rahbari adolat tamoyillarini bir chetga surib, urushni har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham tugatish ilinjida ko‘rinadi. Ammo Ukraina manfaatlari poymol qilinishi evaziga erishilgan tinchlik qay darajada mustahkam bo‘ladi?

Isroil-Falastin o‘rtasida imzolangan kelishuv kabi mo‘rt tinchlik sulhlarini yaratish AQSH rahbarining yutuqlar ro‘yxatini kengaytiradi xolos, asl barqaror tinchlikka erishish uchun ikkala tomonning manfaatlari birdek inobatga olinishi kerak. Oq uyning yangi tinchlik kelishuvi rejasi esa Ukrainaga talablar qo‘yish va Rossiyani jahon hamjamiyatiga qaytarishni asos qilib olgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ammo bir savol hanuz so‘roq ostida – Ukraina bu shartlarga rozi bo‘ladimi?

Yangi kelishuvda nimalar bor? 

Bundan oldingi kelishuv shartlari ham Putin ma’muriyatiga katta yon bosishlarni qamrab olgan edi. Jumladan, Rossiya Lugansk viloyatini butunlay, Donetsk, Xerson va Zaporoje viloyatlarining tahminan 70-75 foizini o‘z ta’sirida saqlab qolish huquqiga ega edi. Ukrainaga Tomahawk yetkazib berish masalasi atrofida vujudga kelgan AQSH va Rossiya aloqalari mobaynida Vengriya poytaxti Budapeshtda uchrashuv ham rejalashtirilgan edi. Ammo ko‘p o‘tmay har ikki tomon ham mujmal sabablarni bahona qilib, sammitni qoldirilganini e’lon qilgandi.

O‘tgan muvaffaqiyatsiz urinishlarga qaramay, bu galgi shartlar Moskvani muzokara stoliga qaytara oladigandek ko‘rinmoqda. Negaki e’lon qilingan kelishuv shartlari rejasida Rossiyaning asosiy og‘riqli nuqtalari inobatga olingan. Bular orasida eng muhimlaridan biri – Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish huquqini cheklash. Rejaga ko‘ra, Ukraina o‘z konstitutsiyasida NATOga qo‘shilmasligini, NATO esa o‘z nizomiga Ukrainani kelajakda qabul qilinmasligi haqidagi bandni kiritadi. Shuning bilan, agar kelishuv imzolansa, Rossiyaning asosiy xavotiri yo‘qoladi. Chunki Ukrainaning NATOga qo‘shilish arizasi 2014 yilda boshlangan ikki davlat orasidagi mojarolarga asosiy sabab sifatida ko‘riladi. Har xolda NATO harbiy tashkilot, xalqaro munosabatlarning realizm nazariyasi jihatidan Ukrainaga G‘arb qo‘shinlarini kirib kelishiga qo‘yib berish Rossiya uchun o‘z qo‘yniga ilonni olish bilan barobar. Shu tufayli ham AQSHning kelgusida Ukrainani NATOga qo‘shilmasligiga kafolati Kremlni tinchlantirishi mumkin.

Hujjatda yana Ukraina qurolli kuchlari soni 600 000 nafar shaxsiy tarkib bilan cheklanishi belgilab qo‘yilgan. Ayni paytda, tahminiy ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlarida 800-850 ming kishi bor, ammo urushdan oldin, ukrainalik rasmiylarga ko‘ra, harbiylar soni bor yo‘g‘i 250 mingga yaqin edi.

Xalqaro doiralarda yana bir keng muhokama bo‘layotgan masala bu – AQSHning Kiyevga bergan xavfsizlik kafolati. Ushbu kafolatlar NATO shartnomasining 5-moddasi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, AQSH va Yevropa ittifoqchilarini Ukrainaga qilingan har qanday hujumni butun “transatlantika hamjamiyati”ga qilingan hujum sifatida ko‘rib chiqishga majbur qiladi. Ammo agar Ukraina Rossiyaga bostirib kirsa, u kafolatdan mahrum bo‘ladi. Kelishuv shartlariga Polshaga Yevropa qiruvchi samolyotlari joylashtirilishi ham kiritilgani Ukrainaga ancha taskin berishi mumkin.

Garchi NATOga a’zolik endi Ukraina uchun cheklangan bo‘lsa-da, Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish imkoniyati saqlab qolinadi. Shartnoma bandida keltirib o‘tilganidek, Ukraina Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish huquqiga ega va bu masala ko‘rib chiqilayotgan paytda Yevropa bozoriga qisqa muddatli imtiyozlar asosida kirish huquqiga ega bo‘ladi.

Urush natijasida yetkazilgan zararlarni qoplash maqsadida Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan 100 milliard dollari AQSH tomonidan Ukrainani qayta tiklash va sarmoya kiritish harakatlariga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Yevropa Ukrainani qayta tiklash uchun ajratiladigan sarmoya miqdorini oshirish uchun 100 milliard dollar qo‘shadi.

Rejada belgilab o‘tilgan yana bir e’tiborli qism bu madaniy bag‘rikenglik shartlaridir. Unga ko‘ra har ikki davlat maktablar va jamiyatda turli madaniyatlarni tushunish va bag‘rikenglikni rivojlantirish hamda irqchilik va xurofotni yo‘q qilishga qaratilgan ta’lim dasturlarini amalga oshirish majburiyatini oladi.  Ukraina Yevropa Ittifoqining diniy bag‘rikenglik va ozchilik tillarini himoya qilish qoidalarini qabul qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, Ukraina hududidagi rus tilini qonuniylashishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Kelishuv bandlari orasida Rossiyani jahon iqtisodiyotiga reintegratsiya qilish masalasiga ham alohida e’tibor berilgan. Unga ko‘ra, Rossiyani G8 ga qaytadan taklif qilish rejalashtirilgan. Qo‘shma Shtatlar bilan energiya, tabiiy resurslar, infratuzilma, sun’iy intellekt, ma’lumotlar markazlari, Arktikada noyob metallarni qazib olish loyihalari va boshqa o‘zaro manfaatli korporativ imkoniyatlar sohalarida o‘zaro rivojlanish uchun uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlik shartnomasini tuzilishi ham rejalashtirilgan. Trampnig Rossiya hukumati bilan yaqinlashish siyosati ortida resurslarga boy ulkan do‘stini Xitoy tomonga og‘ib ketmasligi maqsad qilingan bo‘lsa ajab emas. Axir, endi Rossiya oldingidek AQSH bilan tengma-teng raqobatlasha oladigan davlat emas, uning o‘rnini ayni paytda Xitoy egallash arafasida.

Keltirilgan shartlar orasida eng bahsli bo‘lib turgan qism bu, albatta, kim qancha yer olishi masalasidir. Rossiyadek millionlab kilometrlardan iborat hududga ega davlatga yana qancha yer kerak, bu hali so‘roq ostida. AQSH taklif qilgan kelishuv rejasi bandlarida Qrim, Lugansk va Donetsk de-fakto Rossiyaniki bo‘lishi, shu jumladan, AQSH tomonidan tan olinishi, Xerson va Zaporoje esa ayni front chizig‘i bo‘ylab muzlatilishi belgilangan. Bu esa Ukrainadan, o‘z navbatida, tahminan 20 % yeridan voz kechishni talab qiladi. Kelishuvda yana shunday qo‘shimcha qilinadi:

“Ukraina qo‘shinlari Donetsk viloyatining hozirda o‘zlari nazorat qilayotgan qismidan chiqib ketadi va bu chekinish zonasi xalqaro miqyosda Rossiya Federatsiyasiga tegishli hudud sifatida tan olingan neytral demilitarizatsiyalangan bufer zonasi hisoblanadi. Rossiya kuchlari bu qurolsizlantirilgan hududga kirmaydi”.

Ushbu hududiy kelishuvlar bo‘yicha kelishilganidan so‘ng, Rossiya Federatsiyasi ham, Ukraina ham ushbu sulhni kuch bilan o‘zgartirmaslik majburiyatini oladi.

Bundan tashqari, rejaga Rossiya Ukrainaning Dnepr daryosidan tijorat faoliyati uchun foydalanishiga to‘sqinlik qilmasligi, Ukrainada 100 kundan keyin saylovlar o‘tkazilishi, shartnoma shartlari amalga oshirilishi Prezident Donald Tramp boshchiligidagi Tinchlik kengashi tomonidan nazorat qilinishi va kafolatlanishi, yechilmagan masalalarni hal qilish uchun gumanitar qo‘mita tuzilishi kabi bandlar kiritilgan.

Xalqaro reaksiya

20 noyabr kuni e’lon qilingan tinchlik rejasi qisqa muddat ichida jahon sahnasida yaxshigina shovqin ko‘tardi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham, Yevropa Ittifoqi vakillari ham, hatto Rossiya ma’muriyati ham kelishuv bandlariga norozilik bildirib chiqdi.

Bir muddat oldin Oq uy rus hukumati bilan maslahatlashgan holda, yangi tinchlik kelishuvi ishlab chiqilayotgani e’lon qilingan edi. Qarangki, endi Putin ma’muriyati ham tinchlik rejasidan norozi. Rejalarni “megafon rejimida” muhokama qilmasligini e’lon qilgan Rossiya endi AQSH bilan xufiyona ishlab chiqilgan kelishuv shartlariga ham negadir ko‘ngisi yo‘q. 

21 noyabr kuni Rossiya Prezidenti 28 banddan iborat hujjat matnini AQSHdan olganini ma’lum qilib, bu reja yakuniy kelishuvga asos bo‘lishi mumkinligini aytgan edi. Biroq Putin Ukraina kelishuvga rozi bo‘lmagani uchun Rossiya bilan hali hech qanday mazmunli muhokamalar  bo‘lmaganini ta’kidlagan. Putin, shuningdek, urushni davom ettirishga tayyorligini bildirdi, chunki u janglarning “hozirgi dinamikasidan” qoniqmoqda.

Davlat dumasi Mudofaa qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Aleksey Juravlev esa umuman boshqa fikrda. Uning fikricha, haqiqiy tinchlikka faqat jang maydonida erishish mumkin.

“Mojaro faqat frontda aniq g‘alabaga erishib, Ukraina taslim bo‘lgan taqdirdagina to‘liq hal bo‘lishi mumkin. Boshqa har qanday natija faqat qarama-qarshilikni keyinga qoldiradi”, deb yozadi u.

Ukraina tomoni esa vaziyat qanchalik og‘ir ekanligini tushunib turibdi. Ayniqsa, Zelenskiy oldida juda qiyin va katta tanlov turibdi. Garchi urushni to‘xtatishni xohlasada, Ukraina o‘z manfaatlari uchun harakat qiladi.

“Ukraina juda qiyin tanlov oldida turibdi: yo o‘z qadr-qimmatini yo‘qotish yoki asosiy hamkorini yo‘qotish xavfi. Yo qiyin 28 banddan iborat tinchlik rejasi yoki qahraton qish… Men tinchlik rejasida ikki jihat: ukrainaliklarning qadr-qimmati va erkinligini hisobga olishi uchun kurashaman. Biz urushni tugatish uchun hamma narsani qilamiz, lekin Ukraina, Yevropa va global tinchlikka barham berish uchun emas”, dedi davlat rahbari xalqiga murojaatida.

Kiyev Trampning tinchlik rejasini muhokama qilishga tayyor, ammo Ukraina hududiy suvereniteti savdo predmetiga aylanmaydi. Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik Kengashi brifingida Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Kristina Gayovishin ham Ukraina o‘z yerlarini sotmasligini ta’kidlagan.

Yevropa Ittifoqi esa umuman boshqa masalani muammo qilib ko‘rsatmoqda. Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish usuli, AQSH Prezidenti Donald Tramp taklif qilgan Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha “tinchlik rejasi”da ko‘rsatilganiga ko‘ra, Yevroittifoqning ushbu mablag‘lardan Kiyevga “reparatsion kredit” ajratish rejalariga to‘sqinlik qilishi mumkin. Bryusseldagi YeIning yuqori lavozimli amaldorining aytishicha, Trampning Yevropada saqlanayotgan Moskva aktivlarini tasarruf etishga hech qanday huquqi yo‘q. Yana bir yuqori martabali Yevropa Ittifoqi amaldori ushbu rejaning asosiy mualliflaridan biri deb xabar qilingan Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff “psixiatrga murojaat qilishi kerak”, deb ta’rif bergan.

“Yevropaliklar ukrainaliklar manfaati uchun aktivlardan qanday foydalanish bo‘yicha hayotiy yechim topishga jon-jahdi bilan harakat qilmoqda, Tramp esa bundan foyda ko‘rishni istayapti. Bu taklif, ehtimol, hamma tomonidan rad etiladi”, deydi sobiq fransuz amaldori. 

Tramp barchani norozi qilib tinchlikka erisha oladimi? Bu galgi urunish ham besamar ketadigan ko‘rinadi. Har xolda, barcha xohishlari inobatga olingan Rossiyaning o‘zi ham rejadan norozi bo‘lib turgan ekan, yana nima kutish mumkin. Yevropani himoya qilib turgan Ukraina manfaatalri uchun esa hali yana qancha bahslar bo‘ladi – bunisi noma’lum.

Ammo vaziyat bu qadar sodda emas, har ikki tomon ham urushning yana cho‘zilishidan hech qanday foyda ko‘rmasligiga amin bo‘lgan. Ukraina yetarlicha qurbonlik qildi, yolg‘iz o‘zi butun boshli rus qo‘shinlariga qarshi yana qancha turib bera oladi, aniq emas.  Ehtimol bu AQSHning so‘nggi taklif qilgan tinchlik rejasidir, axir Trampning boshqa tashvishari ham yetarli, hali Lotin Amerikasida chala qolgan qancha ish bor. Rossiya ham yetarlicha holdan toygan. Kelishuv shartlaridagi jahon iqtisodiga qaytish imkoniyatidan foydalanib qolish kerak, negaki har qancha urushga tashnaligini ko‘rsatmasin, dunyo uning “cho‘ntagi bo‘shab”, holdan toyganini sezib turibdi. 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Ukraina Vladimir Zelenskiy tinchlik rejasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing