Usik Ukraina prezidentligiga nomzodini qo‘ymoqchi
Sport
−
03 mart 4500 1 daqiqa
Mashhur ukrainalik bokschi, superog‘ir vazn toifasida WBC, WBA, IBO va IBF chempioni Aleksandr Usik Ukraina prezidentligiga nomzodini qo‘yish niyatini bildirdi. Bu haqda RBK-Ukraina xabar berdi.
Usik ukrainalik teleboshlovchi Andrey Bednyakovga bergan intervyusida kelajak rejalari haqida so‘z yuritdi. Suhbat davomida u boksdagi faoliyati uzoq davom etmasligini va keyinchalik yo‘nalishini o‘zgartirish niyatida ekanini aytdi.
“Yana bir necha yil boks bilan shug‘ullanishni rejalashtiryapman. Shundan so‘ng hukumatda ishlashni istayman”, deydi Usik.
Nashrning yozishicha, Bednyakov hazil tariqasida bokschi “Konotop shahri meri bo‘lishni maqsad qilgandirsiz”, degan taxminni ilgari surgan. Bunga javoban chempion: “Qarang, men prezidentdan past lavozimga rozi bo‘lmayman”, deya javob qaytargan.
Ta’kidlash joiz, Usik avval ham Ukrainani boshqarish masalasida fikr bildirgan. U ko‘pchilik bilan suhbatda prezidentlik saylovlarida ishtirok etish ehtimolini istisno etmagan.
Ayni paytda sport faoliyatini davom ettirayotgan Usikning navbatdagi jangida niderlandiyalik kikboksing afsonasi Riko Verxuvenga qarshi ringga chiqishi kutilmoqda.
Live
Barchasi