O‘tgan oyda tovarlar va xizmatlar narxi qanchaga oshdi?
Jamiyat
−
02 dekabr 1727 2 daqiqa
2025 yilning noyabr oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,7 % ga oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yillik iste’mol narxlari indeksi (INI) 107,5 % ni tashkil etib, o‘tgan yilning shu oyiga (2024 yil noyabr – 110,0 %) nisbatan 2,5 foiz bandga pasaydi.
Noyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 1,0 foizga, nooziq-ovqat iste’mol tovarlari 0,5 foizga hamda aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,3 foizga qimmatlashgani kuzatilgan.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan bodring (96,0 %), pomidor (82,2 %), bulg‘or qalampiri (61,2 %), baqlajon (51,7 %), uzum (12,1 %), anor (7,9 %), qovoq (5,4 %), olma (4,7 %), mandarin (4,5 %), shaftoli (3,7 %), tarvuz (3,4 %), qovun (3,4 %), tovuq tuxumi (2,4 %), quy go‘shti (0,8 %), kartoshka (0,7 %), birinchi navli bug‘doy uni (0,5 %) hamda mol go‘shti (suyaksiz go‘shtidan tashqari) (0,3 %) narxlarining oshishi inflyatsiyaga asosiy ta’sir ko‘rsatgan.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan inflyatsiyani pasaytiruvchi omil sifatida sabzi (-26,1 %), sholg‘om (-7,1 %), barcha navdagi guruch, guruch oqishog‘i (-4,5 %), loviya (4,2 %), shakar (-2,9 %), piyoz (-2,5 %), banan (-1,3 %) hamda parranda go‘shti (-1,2 %) narxlarining pasayishi muhim hissa qo‘shgan.
Shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlar narxlaridan propan (7,4 %), benzin (1,7 %), sement (1,4 %) hamda kiyim va poyabzal (0,7 %) narxlarida o‘sish kuzatilgan.
Hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida 195 mingga yaqin narxlar qayd etilgan. 420 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari va 90 turdagi xizmatlar narxlari kuzatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilning sentyabr oyida dunyo bo‘ylab mol go‘shtining bir kilogramm uchun o‘rtacha narxi 6,9 dollarga (83 629,38 so‘m) yetgandi.