“O‘zbek tiliga qarshi siyosat yuritmayapmiz”. “Tolibon” rasmiysi bilan eksklyuziv intervyu
Intervyu
−
13 yanvar 4109 7 daqiqa
Ayni vaqtda Afg‘onistonda o‘zbek tili bilan bog‘liq masala kun tartibida turibdi. Afg‘onistonda xalqining necha foizi o‘zbek ekani haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Chunki, oxirgi bor aholini to‘liq ro‘yxatga olish 1979 yilda o‘tkazilgan. Xalqaro manbalar va mutaxassislar ularning sonini 3, 7 milliondan 6, 6 milliongacha deb baholaydilar. Ba’zi mahalliy va norasmiy ma’lumotlarda bu ko‘rsatkich 7-8 milliondan oshgani aytiladi. Qolaversa, o‘zbeklar eng ko‘p istiqomat qiladigan Faryob viloyatining sobiq hokimi Sayyid Anvar Saodat QALAMPIR.UZ bilan suhbatda mamlakatda o‘zbeklar soni 8 milliondan oshishini tasdiqlagan edi.
Afg‘onistonda hokimiyat “Tolibon” qo‘liga o‘tgan 2021 yildan buyon vaqti-vaqti bilan o‘zbek tili va madaniyati, tarixiga nisbatan hurmatsizliklar uchrab turadi. Muvaqqat hukumat esa mamlakatda sodir bo‘layotgan hodisalarni ko‘p holatlarda o‘z zimmasiga olmaydi. Ana shunday voqealardan biri Alisher Navoiy haykalining buzib tashlanishi bo‘lsa, ikkinchisi ko‘plab universitetlar va davlat idoralari peshtoqidan o‘zbek tilidagi yozuvlarning olib tashlanishi. QALAMPIR.UZ 2026 yil avval ushbu masalada alohida dastur e’lon qilgan edi. Endi esa mikrofonni “Tolibon” rasmiylariga tutmoqdamiz. Muxbirimiz Afg‘onistonda o‘zbek tili bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha Afg‘oniston TIV Uchinchi siyosiy departamenti direktori Abdulhay Qanit bilan muloqot qildi. Quyida ushbu suhbatni o‘qishingiz mumkin.
“Afg‘oniston til huquqlarini himoya qilishga sodiqdir”
Abdurahmon Ergashev, muxbir: — So‘nggi haftalarda QALAMPIR.UZ'ga Afg‘onistonda o‘zbek tilidan foydalanishga cheklovlar joriy etilgani haqida murojaatlar kelmoqda. Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi bu da’volarga qanday munosabat bildiradi va ushbu masala bo‘yicha Afg‘oniston hukumatining rasmiy pozitsiyasi qanday?
Abdulhay Qanit, Afg‘oniston TIV Uchinchi siyosiy departamenti direktori: — Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi o‘zbek tilidan foydalanishga oid cheklovlar haqidagi da’volarni qat’iyan rad etadi. Ushbu xabarlar joylardagi real holatni yoki Afg‘oniston Islom Amirligining rasmiy pozitsiyasini aks ettirmaydi va ko‘pincha noto‘g‘ri talqinlar yoki tasdiqlanmagan manbalarga asoslangan bo‘ladi.
Afg‘oniston etnik, til va madaniy xilma-xilligi bilan ajralib turadigan mamlakat bo‘lib, Islom Amirligi buni asrab-avaylanishi va hurmat qilinishi lozim bo‘lgan milliy boylik, deb hisoblaydi. O‘zbek tilini ham o‘z ichiga olgan mintaqaviy va milliy tillardan foydalanish ushbu tillar an’anaviy tarzda so‘zlashiladigan hududlarda ijtimoiy, madaniy va ta’lim hayotining tabiiy va tan olingan qismi bo‘lib qolmoqda.
Afg‘oniston Islom Amirligining rasmiy pozitsiyasi aniq va izchil – barcha etnik jamoalar milliy birlik doirasida o‘z tillarini saqlash, ulardan foydalanish va rivojlantirish huquqiga ega. Tashqi ishlar vazirligi o‘zbek tilini cheklash yoki bostirishga qaratilgan hech qanday siyosat mavjud emasligini ta’kidlaydi, har qanday ma’muriy o‘zgarishlar kamsituvchi choralar sifatida noto‘g‘ri talqin qilinmasligi lozim. Afg‘oniston jamiyatda hamjihatlikni mustahkamlash, jamoalar o‘rtasida o‘zaro hurmat va mamlakat bo‘ylab til huquqlarini himoya qilishga sodiqdir.
A.E.: — Afg‘onistonda hozirda ta’lim muassasalaridagi belgilarni (yozuvlarni) yagona standartga keltirish jarayoni amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda mintaqaviy va milliy tillar, xususan shimoliy viloyatlarda o‘zbek tili qanday hisobga olinmoqda?
A.Q.: — Ta’lim muassasalaridagi belgilarni mamlakat bo‘ylab standartlashtirish – bu Afg‘oniston ta’lim tizimida aniqlik, izchillik va institutsional yagona qiyofani ta’minlashga qaratilgan ma’muriy tashabbusdir. Ushbu jarayon texnik xususiyatga ega bo‘lib, hech bir til yoki jamoani chetlatishni ko‘zlamaydi.
Milliy darajadagi standartlar qo‘llanilsa-da, mintaqaviy til muhitlari, ayniqsa, o‘zbek tili keng qo‘llaniladigan va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan viloyatlarda to‘liq inobatga olinadi. Afg‘oniston Islom Amirligi siyosatiga ko‘ra, davlat muassasalari uchun belgilar odatda uch tilda – pushtu, dariy va ingliz tillarida yoziladi. Biroq Juzjon, Faryob va Samangan kabi shimoliy viloyatlarda o‘zbek tilidan foydalanishga ruxsat beruvchi istisnolar mavjud.
Ta’lim organlari talabalar va mahalliy jamoalarning o‘zlari uchun tanish tillarda muassasalar bilan muloqot qilishi muhimligini tan oladi. Shu doirada Juzjon universitetida O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bakalavriat dasturi yo‘lga qo‘yilgan hamda ayni muassasada ushbu yo‘nalishda magistratura dasturini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
A.E.: — Juzjon davlat universitetida O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha magistratura dasturini joriy etish rejasi Afg‘onistonning madaniy xilma-xillikka yondashuvi va o‘zbek jamoasining til merosiga hurmatini qanday aks ettiradi?
A.Q.: — Juzjon davlat universitetida O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha magistratura dasturini joriy etish Afg‘onistonning madaniy xilma-xillik va akademik inklyuzivlikka bo‘lgan qat’iy sodiqligini namoyon etadi. Bu tashabbus oliy ta’limda ilg‘or yondashuv bo‘lib, o‘zbek jamoasining til va adabiy merosini rasmiy akademik ta’lim orqali saqlash va rivojlantirish muhimligini e’tirof etadi.
Mazkur dastur, shuningdek, ushbu sohada malakali o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va madaniyat mutaxassislariga bo‘lgan ortib borayotgan ehtiyojga javob beradi. O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha ilg‘or tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash orqali Afg‘oniston o‘zbek xalqining tarixiy va madaniy hissasiga bo‘lgan hurmatini tasdiqlaydi. Ushbu tashabbus ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirishi, madaniyatlararo tushunishni rivojlantirishi hamda mintaqaviy tillarning milliy akademik tizimdagi o‘rnini mustahkamlashi kutilmoqda. Bu esa milliy barqarorlik, intellektual rivojlanish va ijtimoiy hamjihatlikka hissa qo‘shadi.
A.E.: — Kengroq ma’noda, diplomatiya, mintaqaviy hamkorlik hamda madaniy va ta’lim almashuvlari sohalarida Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hozirgi munosabatlarni qanday baholaysiz?
A.Q.: — Afg‘oniston Islom Amirligi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar hozirda ko‘p yo‘nalishlarda konstruktiv muloqot va amaliy hamkorlik bilan tavsiflanadi. Diplomatik aloqalar mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy bog‘liqlik va infratuzilmani rivojlantirish kabi umumiy manfaatlarga qaratilgan.
O‘zbekiston Afg‘oniston bilan muloqot va amaliy hamkorlikni rivojlantirishda, xususan savdo, energetika uzatish, transport va gumanitar yordam sohalarida faol rol o‘ynab kelmoqda. Afg‘oniston O‘zbekistonning rivojlanishga yo‘naltirilgan hamkorlik va o‘zaro hurmat tamoyillariga sodiq mintaqaviy hamkor sifatidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi.
Umuman olganda, ikki tomonlama munosabatlar yaxshi qo‘shnichilik, mintaqaviy integratsiya va uzoq muddatli barqarorlik hamda farovonlikka bo‘lgan umumiy intilish asosida ijobiy rivojlanishda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati Mozori Sharif shahrida Temuriylar davrida yashagan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini butunlay buzib tashlagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur masala yuzasidan rasmiy izoh olish maqsadida “Tolibon” muvaqqat hukumati vakillari bilan bog‘langan. Buning ortidan Marshal Abdulrashid Do‘stum va qizi Rohila Do‘stum “Tolibon”ga tahdid qilib, “Tolibon” ertami-kechmi o‘z qilmishlari uchun pushaymon bo‘lishini ta’kidlagan.
Afg‘oniston tomoni o‘sha paytda Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan joy alloma xotirasiga munosib emasligi, shoir va mutafakkir sharafiga yanada ko‘rkam majmua qurilishi lozimligi sababli haykal mahalliy hokimiyat tomonidan olib tashlangani, yaqin orada yangi yodgorlik barpo etilishi haqida va’da bergan edi. Ammo hanuz bu va’da amalga oshirilmadi.
Shuningdek, 2023 yilning fevral oyida ham Mozori Sharifdagi Alisher Navoiyning o‘sha haykali qisman buzib tashlangan edi. Shunda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov bu holatni “vandalizm” deb atagan va Afg‘oniston vakillariga tayanib, haykalni begona shaxslar vayron qilganini bildirgan.
Joriy yilning 2 yanvar kuniga kelib, o‘zbeklar eng ko‘p yashovchi Samanganda universitet peshtoqidan o‘zbek va fors tillaridagi yozuv olib tashlandi. Buning ortidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘zbek tiliga nisbatan cheklovlar vazirlikda tashvish uyg‘otishini bildirdi. 6 yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligining mas’ul vakillari tezkor ravishda Afg‘oniston tomoni bilan bog‘langanda, “Tolibon” o‘zbek tiliga taqiq qo‘ymaslikka va’da berdi. Tanqidlar ortidan, joriy yilning 11 yanvar kuni “Tolibon” Samanganda universitet peshtoqiga o‘zbek tilini qayta kiritdi.
Live
Barchasi