O‘zbekiston harbiylari Koreyadagi xalqaro musobaqada g‘olib bo‘ldi
Jamiyat
−
28 Sentabr 7783 2 daqiqa
Joriy yilning 21-26 sentyabr kunlari Janubiy Koreyaning Kongvando provinsiyasi Inje shahridagi o‘tkazilgan xalqaro musobaqada O‘zbekiston g‘alaba qozondi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Quruqlik qo‘shinlari Ilmiylashtirilgan mashg‘ulot markazida bo‘lib o‘tgan uchinchi marta Xalqaro ilmiy-jangovar tayyorgarlik musobaqasida Koreya, O‘zbekiston, AQSH, Yangi Zelandiya, Kambodja hamda NATO qo‘shma guruhidan jami 16 ta jamoa va 500 ga yaqin harbiy xizmatchi ishtirok etdi.

Musobaqada dastlab har bir jamoa operativ rejani ishlab chiqish va milliy kelishuv bo‘yicha majburiyatlarni bajarish hamda bo‘linmalarning qo‘shma operatsiyalari uchun zarur bo‘ladigan ko‘nikma va tajriba oshirdi.

Shundan so‘ng har bir jamoa qur’a tashlash orqali bellashuvga kirishdi. Musobaqa shartlariga ko‘ra, jamoalar turli jangovar simulyatsiyalar hamda ilmiylashtirilgan mashg‘ulot dasturlaridan foydalangan holda tog‘oldi, o‘rmon va shahar sharoitida 12 bosqichdagi shartli janglarni olib bordi.

Qayd etilishicha, baholash jarayonida ishtirokchi guruhlarning shartlarni to‘liq bajarishi, jangovar harakatlar qoidalariga rioya qilingani, hujum va mudofaada shartli dushmanni yakson etish va omon qolish darajasi, shuningdek, jangovar harakatlar taktik vaziyatga mos kelishini har tomonlama tahlil qilish va xabardor qilish natijalari inobatga olingan.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston harbiylari shartli dushmanning zaxira va asosiy qo‘mondonlik punktini qo‘lga olishga 21 daqiqa (shu vaqtgacha eng yaxshi natija 33 daqiqa), mudofaada turib shartli dushmanni yakson etishga 25 daqiqa (shu vaqtgacha eng yaxshi natija 29 daqiqa) sarflab, musobaqa rekordlarini yangiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12-20 iyul kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tgan “O‘tkir tig‘-2025” xalqaro snayperlar musobaqasida O‘zbekiston Milliy gvardiyasi merganlari g‘oliblikni qo‘lga kiritgandi.
Live
Barchasi