O‘zbekiston futbol bo‘yicha yirik musobaqaga mezbonlik qiladi
Sport
−
28 iyun 31500 1 daqiqa
O‘zbekiston joriy yil 29 avgustdan 8 sentyabrgacha Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasining CAFA Nations Cup musobaqasiga mezbonlik qiladi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu gal qatnashchilar soni yana 2 taga ko‘payadi – musobaqada mehmon sifatida Malayziya va Ummon terma jamoalari ishtirok etadi. Turnir o‘yinlarining bir guruhi Tojikistonda, ikkinchisi esa O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi. Final bahsi ham O‘zbekistonda tashkil etiladi.

“Jahon chempionati ishtirokchisi O‘zbekiston milliy terma jamoasi CAFA Nations Cup 2025 musobaqasida navbatdagi o‘yinlarini o‘tkazadi. Muxlislarimizni esa qiziqarli va murosasiz bahslar kutmoqda”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, qur’a tashlash joriy yilning 3 iyul kuni soat 16:00 da boshlanadi.
Ma’lumot uchun, CAFA 2014 yil iyun oyida tashkil etilgan va Osiyo Futbol Konfederatsiyasining (OFK) beshta mintaqaviy assotsiatsiyasidan biri hisoblanadi. OFK tarkibiga Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN), Sharqiy Osiyo futbol federatsiyasi (EAAF), Janubiy Osiyo futbol federatsiyasi (CAFF) va G‘arbiy Osiyo futbol federatsiyasi (VAFF) ham kiradi. Yevropa futbol federatsiyalari ittifoqi (UEFA) esa bunday ajratilgan tizimda ishlamaydi.
Live
Barchasi