O‘zbekiston Iroq va Suriyaga savdo bo‘yicha vakil yubormoqchi

Jamiyat

image

Keyingi yildan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Iroqda 3 nafar, Suriyada 2 nafar savdo maslahatchilari ish boshlaydi. Bu haqda bugun, 25 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Urgut tumanida bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Suriya, Iroq va Afg‘onistonning o‘zida 30 milliard dollarlik elektrotexnika, tekstil, oziq-ovqat, avtomobil, farmatsevtika va qurilish materiallariga ehtiyoj bor. Lekin bu bozorlarga jadal kirib borish bo‘yicha na tarmoq rahbarlari, na hokimlar haligacha tayinli natija ko‘rsatmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, yil yakunigacha Afg‘onistonni Mozori-Sharif shahrida Tovar-xomashyo birjasi filiali ochiladi va kamida 100 turdagi mahalliy mahsulotlarni sotish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, keyingi yildan Savdo-sanoat palatasining Iroqda 3 nafar, Suriyada 2 nafar savdo maslahatchilari ish boshlaydi. Iroqning eng yirik 100 ta tadbirkorlarini Samarqandga taklif qilib, “O‘zbekiston-Iroq” biznes forumini o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, Urgut tumani yiliga 40 million dollarlik sanoat mahsulotlarini eksport qilmoqda. Tumanda yiliga 350 million dollarlik sanoat mahsuloti chiqishi hisobga olinsa, bu juda kam ekani qayd etildi. Umuman, kelasi yili viloyatda 70 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va sanoatda 25 ming ish o‘rni yaratish reja qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 12 noyabr kuni e’lon qilingan “Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini tashkil etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimi joriy etilishi belgilangan. Kecha, 24 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning farmoyishi bilan Komil Ismoilovich Allamjonov maslahatchi-vakil – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimiga tayinlandi


Maqola muallifi

Teglar

Suriya O'zbekiston Iroq Savdo-sanoat palatasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing