O‘zbekiston Qambarota-1 GES qurilishini moliyalashtiradi
Jamiyat
−
09 dekabr 2334 1 daqiqa
Qambarota-1 GES qurilishi Qirg‘iziston (34 foiz), O‘zbekiston va Qozog‘iston (33 foizdan) tomonidan kelasi yildan boshlab moliyalashtiriladi. Bu haqda Qirg‘iziston Energetika vazirligiga tayanib, 24.kg xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston yetakchisi suv energetikasi sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish hamda mintaqaviy ahamiyatga molik qo‘shma loyihalarni, eng avvalo, Qambarota-1 GES qurish loyihasini samarali ilgari surish muhim ekanini ta’kidlagan.
“Mintaqaning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish va birgalikda boshqarish maqsadida kelgusi yilda Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan birgalikda Qambarota-1 gidroelektr stansiyasini qurish loyihasini moliyalashtirishni boshlaymiz”, degan Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, Qirg‘izistondagi Qambarota-1 GES qurilishi qiymati 4,2 milliard dollarga baholanmoqda, xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtirishning umumiy portfeli esa 5,6 milliard dollarga yetgan.
Tomonlarning ishtirok etish ulushi quyidagicha taqsimlangan: Qirg‘iziston – 34 foiz, O‘zbekiston va Qozog‘iston – 33 foizdan. Har bir mamlakat elektr energiyasini o‘z ulushiga mutanosib ravishda olishi mumkin bo‘ladi, bunda bozor sharoitlari va ehtiyojlarga qarab tuzatishlar kiritilishi mumkin.
Live
Barchasi