O‘zbekiston Urugvayga mag‘lub bo‘ldi
Sport
−
13 Oktabr 10822 2 daqiqa
Bugun, 13 oktyabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Malayziyada Urugvay milliy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdi va Fabio Kannavaro bosh murabbiyligi ostidagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.
O‘yinning birinchi bo‘limi deyarli teng kurashlar ostida o‘tdi. Ikki jamoada ham gol urush uchun imkoniyatlar bo‘ldi, biroq hisob ochilmadi.
Ikkinchi bo‘limni “oq bo‘rilar” ancha faol boshladi. Biroq Urugvay qarshi hujumda o‘ynab, bir necha bor golga yaqin keldi. Xususan, bahsning 51-daqiqasida Urugvay futbolchisi Fokundo Torres hisobni ochdi. O‘zbekistonliklar ushbu golga javob berishga harakat qilib, bir nechta hujumlar uyushtirdi. Ammo 60-daqiqada Xuan Sanarbiya janubiy amerikaliklar hisobiga yana bir gol yozdirib qo‘ydi. Nihoyat, uchrashuvning 81-daqiqasida “oq bo‘rilar” ham o‘z maqsadiga erishdi. Ruslanbek Jiyanov urugvayliklar darvozasini ishg‘ol qilib, oradagi farqni qisqartirdi – 1:2. Shu tariqa o‘yin yakunigacha tablodagi hisob boshqa o‘zgarmadi va O‘zbekiston milliy terma jamoasi italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro bosh murabbiyligi ostidagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.
Ma’lumot uchun, ushbu o‘yin O‘zbekiston va Urugvay o‘rtasidagi uchinchisi bo‘ldi. 2018 va 2019 yillarda o‘tkazilgan bahslarning ikkisida ham O‘zbekiston 3:0 hisobida mag‘lub bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentdagi “Olimpiya” stadionida Quvayt milliy terma jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazib, Fabio Kannavaro bosh murabbiyligidagi ilk bahsda g‘alaba qozongandi.