O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy tayinlandi
Sport
−
10 mart 16305 1 daqiqa
Ispaniyalik taniqli futzal mutaxassisi Xose Mariya Mendes O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda mamlakat futzal federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, O‘zbekiston futzal federatsiyasi hamda murabbiy o‘rtasida ikki yillik shartnoma imzolangan.
Mendes ikki bor O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqargan: dastlab 2011-2012 yillarda, so‘ng 2014-2017 yillarda. Uning rahbarligi ostida terma jamoa Osiyo chempionatida 2014 yilda bronza, 2016 yilda esa kumush medalni qo‘lga kiritgan.
U 2008-2009 yillarda Tailand, 2010 yilda esa Vetnam milliy terma jamoasini boshqargan. Mendes O‘zbekiston milliy terma jamoasidan tashqari 2016-2017 yillarda mamlakat jamoasi – “Ardus” klubida ham faoliyat yuritgan.
2019-2026 yillar davomida u yana Tailandda faoliyat olib bordi. Murabbiy sifatida ikki karra Osiyo kubogi vitse-chempioni, bronza medali sovrindori, shuningdek, klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionati hamda Osiyo kubok egalari kubogi g‘olibi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni O‘zbekiston futzal federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdan tashqari yig‘ilishida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Nodir Eliboyev Osiyo kubogidagi muvaffaqiyatsizlik uchun o‘z lavozimidan iste’foga chiqarilgandi.
Live
Barchasi