O‘zbekiston musulmonlari idorasi Islom sivilizatsiyasi markaziga ko‘chdi
Jamiyat
−
02 aprel 4884 2 daqiqa
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Islom sivilizatsiyasi markaziga ko‘chib o‘tdi. Bu haqda bugun, 2 aprel kuni idora matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar boshchiligidagi diniy idora rahbariyati va bo‘limlar o‘z faoliyatini ushbu markaz binosida davom ettira boshlagan.
“Markazning Xorazm portali mahobatli eshigidan kirib, liftdan ikkinchi qavatga ko‘tarilsangiz, katta foye va Diniy idora hududiga kirish qismiga duch kelasiz. Ichkariga kirishingiz bilanoq Qur’oni karim oyatlari, Prezidentimiz so‘zlaridan iqtiboslar, idora tarixi, muftiylar haqidagi ma’lumotlar bilan tanishasiz. Yo‘lakning ikki tomonida rais o‘rinbosarlari va bo‘limlar uchun ajratilgan xonalar joylashgan”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, keng va yorug‘ xonalar elektron boshqaruvli isitish va sovutish tizimi, zamonaviy interer, shinam stol-stul, mebel, kompyuter va zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan.
Shuningdek, kichik va katta majlislar zallari bo‘lib, ular zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlangan. Jonli efirga mo‘ljallangan kameralar va to‘liq WiFi zonasi mavjud. Zaldagi barcha texnikalar bir maromda ishlashi mas’ullar tomonidan nazorat qilib turiladi. Diniy idora joylashgan qismga yondosh kutubxona bor.
Ma’lum qilinishicha, diniy idoraning Qorasaroy ko‘chasi 47-uy manzilidagi binosida Fatvo markazi, Haj va umra markazi, Qur’on va tajvidni o‘rgatish, moliyaviy nazorat va tahlil, xo‘jalik, axborot-tahlil bo‘limlari, buxgalteriya, studiya, Faxriylar kengashi hamda fuqarolarni qabul qilish kabi yo‘nalishlar o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 17 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birgalikda ulug‘ ayyomlar – muborak Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami oldidan rasman o‘z eshiklarini ochgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgandi.
Live
Barchasi