O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya savdo vaziri bilan uchrashdi
Jamiyat
−
13:23 503 1 daqiqa
Bugun, 19 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokioga rasmiy tashrifi doirasida Yaponiya iqtisodiyot, sanoat va savdo vaziri Ryosey Akazavani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston – Yaponiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni ilgari surishning dolzarb masalalari muhokama qilingan.
Davlat rahbari Yaponiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari jadal o‘sib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan. So‘nggi yillarda qo‘shma korxonalar soni 10 baravar, amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy qiymati esa 20 milliard dollardan oshgan.
Savdo va investitsiya aloqalarini mustahkamlash, muqobil energetika, karbonsizlantirish, o‘ta muhim xomashyo kabi ko‘plab sohalarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish uchun vazirlar darajasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya tuzish muhim ekani ta’kidlangan.
Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) va MDH mamlakatlari bilan savdo bo‘yicha assotsiatsiyasining (ROTOBO) faol ishtirokida ishbilarmonlik aloqalarini yanada mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya Do‘stlik ligasi a’zolari bilan uchrashgandi.
Live
Barchasi