O‘zbekiston Turkmaniston bilan nimalarga kelishdi?

Jamiyat

image

Bugun, 17 noyabr kuni samarali muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Qo‘shma bayonot imzoladi.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari huzurida quyidagi ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi:

  • O‘zbekiston – Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi faoliyati to‘g‘risidagi shartnoma;
  • Sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;
  • Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish to‘g‘risidagi bitim;
  • Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma;
  • Xalqaro avtomobilda yo‘lovchi va yuk tashish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma;
  • Adliya vazirliklari o‘rtasida 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
  • Madaniyat sohasida 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
  • Neft mahsulotlari va suyuq kimyoviy yuklarni tashish uchun temir yo‘l vagonlarini yetkazib berish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum;
  • Biologik xavfsizlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligining Xalqaro munosabatlar instituti o‘rtasida O‘zbekiston – Turkmaniston ekspertlar kengashini tuzish to‘g‘risidagi memorandum;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti hamda Turkmaniston Davlat, huquq va demokratiya instituti o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum;
  • O‘rmon xo‘jaligi sohasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;
  • Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari bilan Lebap viloyati hokimligi, Toshkent viloyati hokimligi bilan Axal viloyati hokimligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan Toshhovuz viloyati hokimligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar.

Eslatib o‘tamiz, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov kecha, 16 noyabr kuni davlat tashrifi bilan Toshkentga kelgandi. U Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi. Bugun, 17 noyabr kuni Toshkentdagi Ko‘ksaroy qarorgohida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov birgalikda suratga tushgach, tor doiradagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi.  Yetakchilarning muzokaralari kengaytirilgan tarkibda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom etdi. Prezidentlar “Shovot-Toshhovuz” qo‘shma chegaraoldi savdo zonasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Ko‘ksaroy qarorgohida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Turkmaniston Serdar Berdimuhamedov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing