O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari Buxoroni sayr qildi
Jamiyat
−
27 mart 3340 3 daqiqa
Bugun, 27 mart kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Ark qo‘rg‘oni, Poi Kalon va Labi Hovuz majmualari bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Ark qo‘rg‘oni Buxoroning qadimiy qal’asi bo‘lib, qariyb 1500 yil davomida hukmdorlar qarorgohi sifatida xizmat qilgan. Uning dastlabki binolari miloddan avvalgi IV-III asrlarga mansub bo‘lib, hozirgi ko‘rinishi asosan XVI asrda shakllangan. Ilgari u saroylar, ma’muriy binolar, qurolxonani o‘z ichiga olgan “shahar ichidagi shahar” bo‘lgan. O‘rta asrlarda bu yerda Rudakiy, Ibn Sino va keyinchalik Umar Xayyom kabi buyuk mutafakkirlar yashab, ijod qilgani qayd etilgan.

Qayd etilishicha, Poi Kalon majmuasi Buxoroning eng ulug‘vor va mashhur me’moriy ansambllaridan biri sifatida tojikistonlik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otgan. U 1127 yilda qurilgan mashhur 45,6 metrli minora, 1514 yilda barpo etilgan va 12 ming kishini sig‘dira oladigan jome masjidi, shuningdek, islom olamining eng nufuzli ta’lim muassasalaridan biri hisoblangan Mir Arab madrasasini o‘z ichiga oladi. Masjid hovlisini o‘rab turgan 288 ta gumbazli galereya, yuzlab ustunlar va noyob akustika majmuaga alohida ulug‘vorlik bag‘ishlaydi.

Labi Hovuz ansambli Buxoroda saqlanib qolgan o‘rta asrlarga oid sanoqli maydonlardan biri bo‘lib, uning markazida qadimiy hovuz joylashgan. Asrlar davomida shahar aholisi bu yerga dam olish, suhbatlashish va savdo qilish uchun kelgan. Majmua tarkibiga Ko‘kaldosh madrasasi, Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqohi kiradi.

Tojikiston yetakchisi har bir tarixiy obidaning badiiy uyg‘unligi, milliy hunarmandchilik namunalari va tarixiy eksponatlarga katta qiziqish bildirgan. Oliy martabali mehmonga me’moriy uslubning o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek, naqshlar va ramzlarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berilgan.

Buxoroning boy tarixi, Buyuk ipak yo‘lidagi o‘rni, ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida hikoya qiluvchi bu qadamjolar Tojikiston delegatsiyasida chuqur taassurot qoldirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Imomali Rahmon davlat tashrifi bilan Toshkentga yetib kelgandi. Toshkent xalqaro aeroportida oliy mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Shuningdek, Ko‘ksaroy qarorgohida Imomali Rahmonni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Keyinroq esa Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon tor doirada muzokara va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Shuningdek, ikki davlat yetakchilari yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. O‘zbekiston – Tojikiston Oliy davlatlararo kengashining birinchi yig‘ilishidan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash va almashish marosimi bo‘ldi. Shu bilan birga, Tojikiston Respublikasi Prezidentining davlat tashrifi doirasida ushbu mamlakatning Toshkent shahridagi elchixonasining yangi binosi ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon “O‘zbekiston” xalqaro forumlar saroyida ikki mamlakat san’atkorlari ishtirokidagi an’anaviy konsertni birgalikda tomosha qildi.
Bugun, 27 mart kuni Imomali Rahmon Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Buxorodagi tarixiy obidalarni ziyorat qildi.
Live
Barchasi